Gilos eksporti yildan-yilga oshmoqda
Yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar navi, ta’mi, vitaminlarga boyligi bilan xorijiy davlatlarda xaridorgir hisoblanadi.
Ayni kunlarda g‘arq pishib yetilgan O‘zbekiston giloslari yurtdoshlarimiz bilan birga, xorijliklar dasturxonini ham to‘ldirmoqda.
Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda gilos yetishtirish maydonlari kengayib bormoqda. Iqlimga mos, sifatli, serhosil yangi navlarning yaratilayotgani, bu ne’matga bo‘lgan talabning xorijiy davlatlarda ham ortayotgani natijasida yurtimizda gilos eksport qilish hajmi ham sezilarli darajada o‘sib borayotir. O‘zbekistondan Xitoy, Koreya, Litva, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya va boshqa MDH davlatlariga gilos eksporti kun sayin ortmoqda.
Yaqinda Malayziyaga ham o‘zbek gilosi yangi hosilining umumiy hajmi 3 tonnadan iborat navbatdagi jo‘natmasi yetkazib berildi. Toshkent viloyatida yetishtirilgan gilos Malayziyaning “Deli Fruits Trading” importchi kompaniyasiga “Golden Prime Food” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yetkazib berilmoqda.
“O‘zbekistonning eng sara giloslari” (“Finest Cherries from Uzbekistan”) maxsus belgisi ostida jo‘natilgan O‘zbekiston gilosi Malayziyaning Kuala-Lumpur shahri hamda Selangor va Joxor shtatlarining savdo tarmoqlarida sotiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining navbatdagi jo‘natmasi joriy yilning iyun oyi o‘rtalariga mo‘ljallangan. Ushbu mahsulotlar Malayziyadagi taniqli “Lazada” va “Shopee” elektron savdo maydonchalari orqali xaridorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berilayapti.
Bir so‘z bilan aytganda, serquyosh o‘lkamizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar yurtimiz aholisining ehtiyojidan ortib, xorij bozorlariga ham eksport qilinayotgani dehqon va fermer xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini ta’minlash bilan birga, mamlakat eksport salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA