Gidrometeorologiya sohasidagi ilk qonun
Bugun Oliy Majlis Senati qo‘mitalarining qator yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda Senatning yigirma birinchi yalpi majlisida ko‘rilishi rejalashtirilgan masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining majlisida “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi hamda “O‘simliklar karantini va himoyasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama qilindi.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev Senatning yigirma birinchi yalpi majlisi kun tartibida ko‘rilishi rejalashtirilayotgan masalalar bilan tanishtirdi. Xususan, yuqorida qayd etilgan qonunlar atrof-muhit va ekologiya masalalariga doir muhim huquqiy hujjatlardan biri sifatida muhokama etilishini ta’kidladi.
“Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqish jarayonida qayd etilganidek, hujjat bilan atrof tabiiy muhit ifloslanishining monitoringi, gidrometeorologik axborot, hodisalar, jarayonlar, gidrometeorologiya faoliyati kabi asosiy tushunchalar belgilanmoqda.
Shuningdek, hujjatda gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar hamda undan foydalanuvchilar huquq va majburiyatlari, gidrometeorologiya faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi, uni moliyalashtirish, ushbu sohadagi xalqaro hamkorlik, gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik va boshqa bir qator normalar ko‘zda tutilgan.
— Gidrometeorologiya sohasida qonun mavjud emas edi, “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun ushbu sohadagi ilk qonun hisoblanadi, — deydi “O‘zgidromet” bosh direktori Sherzod Habibullayev.
— Avvallari ushbu soha tegishli normativ hujjatlar bilan tartibga solinardi. Ushbu qonunning qabul qilinishi agrar, energetika, qurolli kuchlar sohasida kerakli bo‘lgan gidrometeorologik ma’lumotlarni olish, yig‘ish, tarqatish, tegishli vazirlik va idoralarga berish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilishini ta’minlaydi. Qonunda moliyaviy holatlar, sohaning ob’ektlari va sub’ektlari o‘z aksini topmoqda. Shuningdek, qonun aholiga aniq va ishonchli gidrometereologik ma’lumotlarni taqdim etilishining huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mazkur qonun gidrometeorologiya faoliyati hamda kuzatuvlar o‘tkazish va ma’lumotlarga ishlov berishning ilmiy uslublarini yanada takomillashtirish, sohadagi mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, innovatsion texnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar, ekspertlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi, soha mas’ullariga savollar bilan murojaat qildi.
Atmosferaning buzilishi, chang va qum bo‘roni, do‘l va bevaqt qor yog‘ishi qishloq xo‘jaligi sohasiga katta zarar yetkazadi. Bu boradagi oldindan aniqlangan ishonchli ma’lumotlar esa turli ko‘ngilsizliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Bunda sohani raqamlashtirish, zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlash muhim masalalardandir. Gidrometeorologiya sohasini raqamlashtirish 80 foizga yetgani alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilishda “O‘simliklar karantini va himoyasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham qizg‘in muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks va “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga o‘simliklar karantini ob’ektlari va boshqa zararli organizmlarga qarshi kurashishga doir fitosanitariya (talablari choralari) hamda boshqa qoidalarni buzish kabi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilash kiritiladi.
Shuningdek, qonun bilan O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organ ekanligini belgilanadi. Bundan tashqari, ushbu agentlikning vakolatlarini kengaytirish, o‘simliklar karantini davlat inspektorlarining mas’uliyatini oshirish nazarda tutilgan.
Qonun bilan O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha davlat xizmati tizimiga O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tuman (shahar) o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limlari, Respublika agrokimyoviy tahlil markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmatlari, “Biosifat” respublika markazi, o‘simliklar karantini bo‘yicha tashqi iqtisodiy faoliyat chegara punktlari, o‘simliklar karantini bo‘yicha davlatlararo chegara punktlari kabi tuzilmalarni qo‘shish belgilanmoqda.
Ushbu qonunning qabul qilinishi fitosanitar xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA