Gidroenergetika: islohotlar, taraqqiyot va inson qadri
“Energetiklar sihatgohi”da gidroenergetika sohasining 100 yilligi hamda “O‘zbekgidroenergo” AJ tashkil etilganligining 9 yilligiga bag‘ishlangan katta bayram sayli tashkil etildi.
Jamiyat tomonidan tashkil etilgan tadbirda mazkur bayram sayli gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, milliy muhandislik salohiyati, “yashil” taraqqiyot g‘oyalari va energetiklar mehnatiga bo‘lgan yuksak ehtiromning amaliy ifodasi sifatida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Ushbu tashkilotning Iqtisodiy tahlil, rejalashtirish va xavflarni boshqarish departamenti boshlig‘i Hasanboy Tolibjonovning so‘zlariga ko‘ra, gidroenergetika ekologik toza, iqtisodiy samarali va uzoq muddatli barqaror energiya manbai sifatida strategik ahamiyat kasb etmoqda.
– Shu ma’noda, O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish va milliy energetika tizimini modernizatsiya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. 2017-yilga qadar mamlakatimizda umumiy quvvati 1604 MVt bo‘lgan 36 ta gidroelektr stansiya faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi to‘qqiz yil ichida gidroenergetika sohasida ulkan islohotlar amalga oshirildi. Natijada 2026-yilga kelib mamlakatimizdagi gidroelektr stansiyalar soni 100 taga yetdi. Sohaning umumiy o‘rnatilgan quvvati 2402 MVtni tashkil etmoqda. Shuningdek, qisqa vaqt ichida qo‘shimcha 800 MVt yangi “yashil” energiya quvvatlari yaratildi. Eng muhimi, so‘nggi yillarda sohada nafaqat yangi energetik quvvatlar barpo etildi, balki milliy muhandislik va sanoat salohiyati ham shakllantirildi, – dedi u.

Ana shunday yutuqlar uzviyligida ushbu bayram tadbiri “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimida mehnat qilayotgan xodimlar va ularning oila a’zolari uchun xalqona sayl, madaniy hordiq va jamoaviy birlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan yirik korporativ-ma’naviy loyiha sifatida o‘tkazildi.
– Tadbirning asosiy maqsadi gidroenergetika sohasida mehnat qilayotgan fidoyi xodimlarning mashaqqatli mehnatini e’tirof etish, jamoada o‘zaro hurmat va ahillik muhitini yanada kuchaytirish, turli hududlarda faoliyat yuritayotgan mehnat jamoalarini bir maydonga jamlash, o‘zaro fikr va tajriba almashish uchun qulay ijtimoiy muhit yaratishdan iborat.

Shuningdek, tadbir natijasida xodimlarning madaniy hordiq chiqarishi, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va korporativ madaniyatni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bayram dasturi kun davomida xalqona sayl va zamonaviy festival muhitida tashkil etilib, turli yo‘nalishlardagi madaniy, ma’rifiy, sport va ko‘ngilochar loyihalarni qamrab oldi.
Tadbirning muhim jihatlaridan biri shundaki, u faqat bayramona kayfiyat yaratish bilan cheklanib qolmay, balki gidroenergetika sohasida inson qadri, mehnatga hurmat va jamoaviy hamjihatlik tamoyillari ustuvor ekanini yana bir bor namoyon etadi, – dedi “O‘zbekgidroenergo” AJ Birlashgan kasaba uyushmasi raisi Rohat Ahmedov.
Ta’kidlash joizki, mazkur bayram sayli nafaqat gidroenergetika sohasining tarixiy yutuqlari va bugungi taraqqiyot sur’atlarini namoyon etdi, balki soha fidoyilarining mehnati, jamoaviy hamjihatlikni hamda “yashil” kelajak yo‘lidagi ezgu maqsadlar mushtarak ekanini yana bir bor namoyon qildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA