Germaniyaning yuqori sifatli mahsulotlariga talab ortmoqda (+video)
Mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, sifatli tovar ishlab chiqarish orqali ichki va tashqi bozorni arzon, chidamli mahsulot bilan to‘ldirish masalasi hukumatimizning doimiy e’tiborida.
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 18 yanvar kuni o‘tkazilgan investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ham joylardagi korxonalarda ish o‘rni yaratish, mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar joriy etilishiga doir ko‘plab taklif, tavsiyalar o‘rtaga tashlandi.
Xususan, qurilish materiallari, elektr texnikasi, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, charm, parranda, zargarlik, ipak, mebel kabi tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga doir muhim ko‘rsatmalar berildi.
Darhaqiqat, hozirgi kunda mamlakatimizning har bir hududida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Demak, qurilish materiallariga talab har qachongidan ortgani tabiiy.
Germaniyaning “KNAUF” kompaniyasi dunyo bo‘ylab gips mahsulotlari ishlab chiqaruvchi eng yirik tarmoq hisoblanadi. Kompaniyaning 220 dan ziyod zavodi dunyoning turli mamlakatlarida faoliyat yuritadi. Mamlakatimizda mazkur brendning uch zavodi ochilgan. Korxona 20 yillik faoliyati davomida respublikamiz iqtisodiyotiga 100 million yevrodan ko‘p sarmoya kiritdi.
Qurilish mollariga ixtisoslashgan “KNAUF” nafaqat ichki, balki Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston singan qo‘shni mamlakatlar bozorini ham sifatli mahsulot bilan ta’minlab kelmoqda. Birgina o‘tgan 2023 yil eksport qiymati 8,2 million dollarni tashkil etdi.
– Korxonada bugungi kun uchun eng ommabop tashqi devor uchun yechim, yong‘inga bardoshli plita yaratish ustida ish olib borilyapti, – deydi korxonaning mamlakatimizdagi savdo direktori Shuhrat Abdujamilov. – Bu reja amalga oshsa, O‘zbekiston bozoriga sifatli mahsulot yetkazib berish, eksport miqdorini keskin oshirish imkoni yaratiladi. Hozir Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida 3 ta zavodimiz ochilgan. Jami ishlab chiqarish quvvati yiliga 260 ming tonna quruq gips aralashmasi, 55 million m2 yuqori sifatli gips-karton, 2 ming tonna grunt, 5 million pogon metr metall profilni tashkil etadi. “KNAUF” ichki bozorni Germaniya standarti bo‘yicha ishlab chiqarilgan yuqori sifatli qurilish materiallari, jumladan “Rotband”, “Fugen”, “MP-75” kabi quruq gips aralashmasi, yong‘inga va namlikka chidamli gips-karton, metall profil bilan ta’minlaydi.
Qayd etish kerak, korxona qurilish va pardozlash texnologiyasini takomillashtirish, samaradorlik va barqaror rivojlanish tamoyiliga muvofiqlik ustida doimiy ish olib boradi. Zavodlar yuqori darajada avtomatlashtirilgan, sifatni qat’iy nazorat qilish tizimiga ega. Ekologik jihatdan toza, tejamkor ishlab chiqarish tizimini ta’minlaydigan innovatsion texnologiyani joriy etishga alohida e’tibor qaratadi. Masalan, changni ushlab qolish qurilmasi binolarga, yon-atrofga chang chiqindisi chiqmasligini ta’minlaydi. Shu orqali chang to‘zoni, zararli chiqindi paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
“KNAUF” xalqaro guruhining barcha zavodlari mamlakat standartidan tashqari, kompaniyaning umumjahon standartiga ham rioya qilishi shart. Tejamkor ishlab chiqarish va doimiy takomillashtirish usullariga rioya qiladi.
Buxoro viloyatidagi birinchi zavod – “Buxorogips” AJda O‘zbekiston qurilish materiallari bozorida talab yuqori bo‘lgan gips aralashmasi ishlab chiqariladi. Ayni payt korxona yiliga 220 ming tonna quruq qurilish aralashmasi ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ikkinchi zavod – Buxoro viloyatidagi “KNAUF GIPS BUKHARA” MCHJ gips-karton va metall profil ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 2018 yil zavod modernizatsiya qilindi – yangi liniya ishga tushirilib, ishlab chiqarish quvvati 30 foiz oshirildi. Bugungi kunda korxona yiliga 40 million m2 gips-karton, 2 ming tonna gruntovka, 5 million pogon metr metall profil ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Shuhrat Abdujamilovning so‘zlariga ko‘ra, avvallari “KNAUF”ning yuqori sifatli qurilishi mahsulotlarini Farg‘ona vodiysiga yetkazib berish bo‘yicha transport xarajati ancha yuqori edi. Buxorodan chiqqan mahsulot vodiyga yetib kelishi uchun yuk mashinasi 15-16 soat yo‘l bosgan. Temir yo‘l orqali yetkazib berish esa doim ham tez amalga oshmasdi. Muammoni bartaraf etish maqsadida 2022 yil “KNAUF GIPS BUKHARA” MCHJ Farg‘ona viloyati filiali ochildi.
Yangi korxona uchun sifatli qurilish materiallariga ehtiyoj yuqori bo‘lgan ulkan hudud – Farg‘ona vodiysi tanlandi. Zavod modulli texnologiyadan foydalangan holda, atigi 2,5 yil ichida qurildi. Yangi korxonada yuqori sifatli gips-karton va quruq gips aralashmasi – “Rotband” suvog‘i ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 15 million m2 gips-karton, 40 ming tonna “Rotband”ga teng.
Bundan tashqari, yangi korxonalar tashkil etilishi mintaqa iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Gips toshi mahalliy konlardan olinadi, mahalliy aholi ish bilan ta’minlanadi, zarur xom ashyo va butlovchi qism yetkazib berish, transport, tozalash va boshqa xizmatlar ko‘rsatadigan pudratchilar bilan shartnoma qilindi.
E’tiborli jihati, “KNAUF” quruvchi, me’mor va usta kasbi nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratadi. Kompaniyaning Buxoro va Toshkentda ikkita o‘quv markazi, Toshkent va Samarqandda ikkita konsalting markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu muassasalarda qurilish sohasi mutaxassislari tayyorlanadi, talabalar qayta tayyorlanadi va malaka oshirish dasturlarida bepul o‘qitiladi. Markazlarda o‘tgan 15 yil mobaynida 8535 o‘g‘il-qiz ta’lim olgan. Kompaniya ixtisoslashgan qurilish sohasi oliy o‘quv yurtlari, o‘quv markazlari va kasbiy ta’lim maktablari bilan hamkorlik qiladi.
Korxona me’morchilik rivojiga ham salmoqli hissa qo‘shmoqda. Har yili O‘zbekistondagi me’morchilik va qurilish sohasiga ixtisoslashgan kollejlar talabalari o‘rtasida hududiy mahorat tanlovi tashkil etib kelinadi. Iste’dodli me’mor va dizaynerlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “KNAUF” tashabbusi bilan “Me’mor” ko‘rik tanlovi tashkil etilishi yo‘lga qo‘yildi. Tanlovda g‘olib bo‘lganlar kompaniya homiyligida Germaniyadagi yetuk me’mor va qurilish sohasi mutaxassislari bilan tajriba almashish, o‘z malakalarini oshirish imkoniga ega bo‘ldi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ClQf4IDUmbc?si=prAg_MGePeLbHmmP" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Xulosa qilib aytganda, “KNAUF” qo‘shma korxonasi nafaqat sifatli mahsulot ishlab chiqarish, aholini ish bilan ta’minlash, balki zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega yetuk me’mor, quruvchi va ustalar tayyorlashga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Go‘zal Sattorova,
Doniyor Yoqubov (video), O‘zA