Germaniyaning nufuzli "ASIIN" agentligi Qo‘qon davlat universitetining 4 ta ta’lim dasturini e’tirof etdi
Qo‘qon davlat universitetida ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, ta’lim dasturlarining raqobatbardoshligini oshirish hamda xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining navbatdagi muhim natijasini berdi.
Universitetning kimyo va biologiya yo‘nalishlaridagi bakalavriat ta’lim dasturlari hamda magistratura mutaxassisliklaridan iborat jami to‘rtta ta’lim dasturi Germaniyaning nufuzli "ASIIN" xalqaro akkreditatsiya agentligi tomonidan akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Mazkur natija universitetda ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonini xalqaro talablar asosida tashkil etish, zamonaviy ta’lim metodlarini joriy qilish hamda kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish yo‘lida olib borilayotgan izchil faoliyatning muhim samaralaridan biridir.
"ASIIN" xalqaro akkreditatsiyasi — ta’lim sifatining muhim e’tirofi
"ASIIN" (Accreditation Agency for Degree Programmes in Engineering, Informatics, Natural Sciences and Mathematics) Germaniyada faoliyat yurituvchi, muhandislik, informatika, tabiiy fanlar va matematika sohalaridagi ta’lim dasturlarini baholash hamda akkreditatsiyadan o‘tkazishga ixtisoslashgan xalqaro agentlik hisoblanadi.
Ushbu agentlik tomonidan o‘tkaziladigan akkreditatsiya jarayoni ta’lim dasturlarining mazmuni, o‘quv natijalari, o‘qitish metodlari, ta’limni tashkil etish mexanizmlari va sifatni ta’minlash tizimini belgilangan mezonlar asosida baholashga qaratilgan. Shu jihatdan, universitet ta’lim dasturlarining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishi ularning sifatini tashqi baholash asosida e’tirof etish, mavjud imkoniyatlarni yanada rivojlantirish va ta’lim jarayonini xalqaro mezonlar bilan uyg‘unlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari
Qo‘qon davlat universitetining quyidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari "ASIIN" xalqaro akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tdi:
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari:
- 60530100 — Kimyo;
- 60510100 — Biologiya.
Magistratura mutaxassisliklari:
- 70530104 — Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (kimyo);
- 70510105 — Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (biologiya).

Mazkur to‘rtta ta’lim dasturining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishi universitetda kimyo va biologiya sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish hamda ta’lim natijalarini xalqaro mezonlar bilan uyg‘unlashtirish borasidagi ishlarning muhim natijasidir.
Ta’lim sifati va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari oldida nafaqat yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, balki ularning bilim va ko‘nikmalarini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish vazifasi ham turibdi. Buning uchun ta’lim dasturlarini muntazam takomillashtirish, nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish va ta’lim sifatini baholashning samarali mexanizmlarini joriy etish talab etiladi.
Xalqaro akkreditatsiya ushbu vazifalarni amalga oshirishda muhim vositalardan biri bo‘lib, ta’lim dasturlarining kuchli jihatlarini aniqlash, rivojlantirish zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni belgilash va sifatni doimiy ravishda oshirib borishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, xalqaro baholash jarayonlarida ishtirok etish universitetning ta’lim sohasidagi tajribasini kengaytirish, ilg‘or xorijiy amaliyotlarni o‘rganish va ularni mahalliy ta’lim jarayoniga tatbiq etish uchun ham imkoniyat yaratadi.
Qo‘qon davlat universitetining to‘rtta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgani ta’lim sifatini ta’minlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur yutuq, ayniqsa, kimyo va biologiya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar hamda magistrantlarning kasbiy tayyorgarligini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilarning pedagogik va ilmiy salohiyatini rivojlantirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega.
Hamroz Bayonov,O‘zA