Germaniya: Mehnat vaziri iste’fosi hukumatni sarosimaga solmoqda
Germaniyaning DW axborot agentligi bergan xabarga ko‘ra, Berbel Bas mehnat va ijtimoiy masalalar vaziri hamda Sotsial-demokratlar partiyasi hamraisi lavozimidan kutilmaganda iste’foga chiqqach, Kansler Mersning koalitsion hukumatida turli ayblovlar yangray boshladi.
– O‘gay qizim vafot etgandan so‘ng qayg‘uni yengish uchun menga vaqt kerakligini tushundim, – deb yozgan u partiya a’zolariga yo‘llagan shaxsiy murojaatida.
Mulozim iste’fo sababi sifatida "afsuski, koalitsiyadagi hamkorimiz tomonidan menga qarshi ommaviy kampaniya uyushtirildi” mazmunidagi boshqa bir omilni ham keltirib o‘tgan. Aslida Basga nisbatan bosim so‘nggi kunlarda ancha kuchaydi. Markazchi koalitsion hukumat Mehnat vazirligidan shoshilinch ravishda asosiy qonunchilik takliflarini kutmoqda.
Iyul oyidagi yozgi ta’til oldidan komissiya davlat pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha keng qamrovli takliflar taqdim etdi. SDP va o‘ng markazchi Xristian-demokratlar ittifoqi va Xristian-ijtimoiy ittifoq (XDI/XII) koalitsiyasi bu takliflar qonunchilik doirasida tezda amalga oshirilishini xohladilar. Binobarin, bugungi kunda yakuniy loyiha taqdim etilmagan.
– Vazir endi o‘z vazifasini bajara olmayapti, bir necha oy davomida u mamlakatimiz juda muhtoj bo‘lgan islohotlar yo‘lini to‘sib qo‘ydi, – deya norozilik bildirgan edi sentabr oyida o‘rta biznes manfaatini ifodalovchi XDI/XII parlament fraksiyasi rahbari Kristian fon Shtetten.
Oktyabr oyi boshida XDI vakili, iqtisodiyot vaziri Katerina Rayxe shunday tanqid bilan chiqdi va yil oxirigacha pensiya islohoti qabul qilinishi talabini ilgari surdi.
– Bas qonun loyihasini qisqa vaqt ichida taqdim etishi kerak edi, – dedi Rayxe, garchi o‘sha payt uning Vazirlar Mahkamasidagi hamkasbi ancha qiyin ahvoldaligi ma’lum bo‘lsa ham.
SDP hamraisi, moliya vaziri va vitse-kansler Lars Klingbayl dushanba kuni keskin munosabat bildirib, Basga qarshi siyosiy hujum "sharmandalik" ekanini aytdi. Partiya rahbariyati bilan uchrashuvdan so‘ng u Berlinda jurnalistlarga shunday dedi:
– Bu siyosiy nutqni zaharlaydi, siyosiy madaniyatimizni saqlab qolish manfaatiga xizmat qiladi.
Bunday ayblov koalitsiya allaqachon chuqur inqirozga tushib qolgan bir payt muhim ahamiyatga ega.
Endi SDP yetakchisi lavozimida yangi vakansiya paydo bo‘ladi. Hozircha Klingbayl partiyani yolg‘iz boshqarib turadi. Dekabr yoki yanvarga rejalashtirilgan partiya s’ezdida sotsial-demokratlarning yangi rahbariyati saylanadi. Klingbayl yana nomzodini qo‘yishi noma’lum. Oxirgi marta partiya rahbari lavozimiga qayta saylanganda u juda kam ovoz olgan.
Berbel Bass o‘rniga federal mehnat vaziri sifatida maydonga chiqqan Aleksandr Shvayser Reynland-Pfals mintaqasi sobiq bosh vaziri, ilgari hududda mehnat va ijtimoiy ishlar vaziri lavozimida ishlagan. Kansler Fridrix Mers Shvayserning tajribasi federal hukumat ichida yaxshi hamkorlikni ta’minlashiga ishonch bildirdi. Yetakchining fikricha, ko‘rib chiqilayotgan qonunchilik takliflari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tezda ma’qullanadi va parlament jarayoniga kiritilishi mumkin.
Kansler Basga qo‘yilgan ayblovlarni inkor etib, u bilan hech qachon shaxsiy masalalar muhokama qilinmagani, unga qayg‘urish uchun o‘ziga vaqt berish bo‘yicha qat’iy maslahat berganini aytdi.
A.Mamatov, O‘zA