Geologiyada raqamli inqilob: Kelajak olimlarining strategik qadami
Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotining barqarorligi va energetik mustaqilligini ta’minlashda geologiya-qidiruv sohasining o‘rni beqiyos. Davlatimiz rahbari tomonidan va “O‘zbekiston-2030” strategiyasi bo‘yicha sohani raqamlashtirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar yosh olimlar oldiga yangi ufqlarni ochmoqda. Ushbu maqolada “Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti” DM faoliyati, sohadagi istiqbolli izlanishlar va “Kelajak muhandislari” tanlovida taqdim etilayotgan innovatsion “Spectrum” loyihasi haqida so‘z yuritamiz.
Institut — ilm va ishlab chiqarish ko‘prigi
“Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti” Davlat muassasasi davlatimizning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlovchi asosiy ilmiy markazlardan biridir. Institutning asosiy vazifasi uglevodorod va energetik resurslarning istiqbollarini ilmiy asoslash, yangi konlarni ochish va mavjudlarini o‘zlashtirishning samarali usullarini ishlab chiqishdan iborat.
Bugungi kunda institut nafaqat neft va gaz, balki energetika sohasining boshqa muhim tarmoqlari, xususan, uran geologiyasi yo‘nalishida ham faol tadqiqotlar olib bormoqda. Bu yerda geologiyaning klassik usullari zamonaviy IT texnologiyalar va sun’iy intellekt bilan sintez qilinmoqda.
Yosh olimlar — soha drayveri
Zamonaviy geologiya endilikda faqatgina “bolg‘a va xarita” emas, balki yuqori aniqlikdagi algoritmlar va “Big Data” tilida gapiradigan murakkab sohaga aylandi. Yosh olim sifatida bizning maqsadimiz — geologiya-qidiruv jarayonlariga sun’iy intellekt (AI) elementlarini olib kirish orqali inson omilini kamaytirish va bashorat qilish aniqligini oshirish.
So‘nggi yillarda olib borilgan izlanishlarimiz natijasida geofizik ma’lumotlarni tahlil qilish vaqti bir necha haftadan bir necha daqiqaga tushirildi. Minglab quduq ma’lumotlari raqamlashtirilib, 3D formatdagi murakkab geologik modellar yaratildi. Uran konlarining morfologiyasini (rollar, qanotlar) bashorat qiluvchi matematik algoritmlar ishlab chiqildi.
“Kelajak muhandislari” tanlovi: imkoniyatlar maydoni
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan “Kelajak muhandislari” Respublika ko‘rik tanlovi yosh mutaxassislar uchun o‘z loyihalarini namoyish etish va amaliyotga tatbiq qilishda ulkan maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu tanlovda “Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti” Davlat muassasasi ilmiy yosh olimi Akbar Elomonov “Spectrum” loyihasi bilan ishtirok etmoqda.

Tanlovga tayyorgarlik jarayonida loyihaning texnik hujjatlari, 3D prototiplari va iqtisodiy samaradorlik hisob-kitoblari to‘liq shakllantirildi. Bu nafaqat ilmiy g‘oya, balki ishlab chiqarishga tayyor muhandislik yechimidir.

Global energiya taqchilligi va uranga bo‘lgan ehtiyoj
Bugungi kunda dunyo aholisining o‘sishi, global sanoatlashish va raqamli texnologiyalarning, xususan, sun’iy intellekt va yirik data-markazlarning rivojlanishi natijasida jahon miqyosida elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin ortib bormoqda. An’anaviy uglevodorodlar (neft, gaz, ko‘mir) zaxiralarining kamayishi hamda global iqlim o‘zgarishi muammosi dunyo davlatlarini ekologik toza va barqaror energiya manbalarini izlashga majbur qilmoqda. Quyosh va shamol energiyasi tabiat injiqliklariga bog‘liq bo‘lgani sababli, zamonaviy dunyo uchun yagona muqobil, tinimsiz va eng quvvatli bazaviy manba — bu atom energetikasi bo‘lib qolmoqda.
Aynan shu omil AESlar uchun bosh xomashyo hisoblangan uranga bo‘lgan global ehtiyojni rekord darajada oshirib yubordi. Xalqaro tahlillarga ko‘ra, yaqin o‘n yillikda jahon bozorida uranga bo‘lgan talab taklifdan sezilarli darajada o‘zib ketishi kutilmoqda. Bu esa O‘zbekiston kabi yirik uran zaxirasiga ega davlatlar uchun nafaqat iqtisodiy foyda, balki global geosiyosiy va energetik maydonda strategik ustunlikni ta’minlaydi. Murakkablashgan bozor sharoitida esa konlarni tezkor va kam xarajat bilan aniqlashda yosh olim ishlab chiqayotgan “Spectrum” kabi raqamli texnologiyalarning roli beqiyosdir.
“Spectrum” loyihasi: uran geologiyasidagi yangi era
“Spectrum” loyihasi — bu uran konlarini qidirish va qazib olishni optimallashtirishga qaratilgan yuqori texnologiyali raqamli ekotizimdir.
Loyihaning negizida Recurrent Neural Networks (RNN) va LSTM kabi neyron tarmoqlari yotadi. Bu texnologiyalar yer osti geofizik ko‘rsatkichlarini inson xatosisiz tahlil qilib, ruda tanalarining chegaralarini 95-98 foiz aniqlikda belgilab beradi.
Loyihaning respublika va soha uchun ahamiyati yuqori. O‘zbekiston uran qazib olish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. “O‘zbekiston-2030” strategiyasi bo‘yicha uran hom ashyosini qazib olishni uch barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Loyihaning joriy etilishi quyidagi strategik foydalarni keltiradi:
- Iqtisodiy samaradorlik: Bitta noto‘g‘ri burg‘ilangan quduq millionlab zarar demakdir. Bizning tizimimiz “bo‘sh” burg‘ilash ishlarini 15-20 foizga kamaytirish imkonini beradi;
- Ekologik xavfsizlik: Yer ostida tanlab eritish (PSV) jarayonida kimyoviy eritmalarning harakatini raqamli nazorat qilish orqali atrof-muhit va yer osti suvlari ifloslanishining oldi olinadi;
- Vaqt tejamkorligi: Ilgari oylab davom etadigan hisob-kitoblar endilikda bir necha daqiqada amalga oshiriladi;
- Xalqaro standartlar: Loyiha millionlab ma’lumotlarni xalqaro JORC va PRMS standartlariga moslashtiradi, bu esa xorijiy investorlar uchun konlarimizning jozibadorligini oshiradi.
Xulosa
Geologiya — bu zanjirning boshi. Agar biz konni to‘g‘ri va arzon topsak, energiya tannarxi pasayadi, bu esa mamlakatdagi har bir fuqaroning hayotiga ijobiy ta’sir qiladi. “Spectrum” loyihasi va “Kelajak muhandislari” kabi tashabbuslar O‘zbekistonni jahonning innovatsion geologik markazlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi dadil qadamdir.
Biz yosh olimlar sifatida Prezidentimiz va xalqimiz ishonchini oqlab, vatanimizning yer osti boyliklarini xalqimiz farovonligi uchun xizmat qildirishda bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz.
Akbar Elomonov,
“Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti”
Davlat muassasasi yosh olimi
O‘zA