Gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmoqda
Bugungi kunda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyat bo‘ylab tabiiy gaz tizimida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Namangan shahri hamda Yangi Namangan tumanida 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Obi hayot, Mehribonlik, Ravnaq va Nurafshon mahallalariga tortilgan gaz tarmoqlari tartibga solindi. Eskirgan gaz qurilmalari demontaj qilinib, o‘rniga “RDUK-100” rusumli o‘rta bosimli gaz taqsimlash qurilmasi o‘rnatildi.

Yangi Namangan tumani aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi Davlatobod tumani Nurobod dahasida joylashgan “Namangan-1” gaz taqsimlash stansiyasining birinchi tarmog‘ida esa eskirib ketgan, diametri 300 mm. bo‘lgan ikkita gaz tambalagichi yangisiga almashtirildi. Shuningdek, tumanning “Mingchinor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “RDUK-50” rusumli gaz taqsimlash qurilmasi yangisiga almashtirildi.
Bunday texnik modernizatsiya ishlari natijasida tabiiy gazni tejab, ta’minotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarning oldi olinadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA