Gaz taqsimlash uskunalarida kamchiliklar aniqlandi
"O‘zenergoinspeksiya" Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida gaz quvurlari va gaz taqsimlash qurilmalarining texnik holati o‘rganilmoqda.
Unda aniqlanishicha, Payariq tumanidagi 7 ta gaz taqsimlash punktida texnik taftish ishlari olib borilmagan, regulyatorlarda quvurlar o‘rnatilmagan va qurilmalarning atrofi o‘ralmagan.
Shuningdek, Ishtixon tumanidagi G‘afur G‘ulom va Chaqar mahallalarida ham sifatsiz rekonstruksiya ishlari o‘tkazilgani, gaz quvurlari qarovsiz qoldirilgani va tirgaklar o‘rnatilmagani ma’lum bo‘ldi.
Inspeksiyaning axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan hududdagi mas’ullarga ko‘rsatmalar berilib, ishlar nazoratga olingan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA