Gaz ballonlari har bir xonadonga kirib boradi
“Hududugaz Andijon” gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyatdagi 471 ming 869 nafar iste’molchiga 625 ming donadan ziyod maishiy gaz ballonlari orqali suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Iste’molchilarning gaz ballonlari bilan ta’minlanganlik darajasi 133 foizga yetkazilgan.
– Iste’molchilarni kuz-qish mavsumida bir maromda suyultirilgan gaz bilan ta’minlash maqsadida barcha gaz to‘ldirish shoxobchalarida tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazildi, – deydi “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali direktori o‘rinbosari Zafarbek Qahharov. – Jumladan, “Asaka”, “Shahrixon” va “Qo‘rg‘ontepa” gaz to‘ldirish shoxobchalarida qo‘shimcha gaz quyish kolonkalari o‘rnatildi va bugungi kunda mashiy gaz ballonlarga gaz to‘ldirish imkoniyati 30 foizga ortdi.
O‘tgan yil kuz-qish mavsumida iste’molchilarga 41 ming 418 tonna gaz yetkazib berilgan bo‘lsa, joriy yilda barcha toifadagi iste’molchilarga 43 ming 234 tonna, ya’ni o‘tgan yilga nisbatan 1 ming 816 tonna ko‘p hajmda suyultirilgan gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Viloyatda aholi xonadonlari va boshqa turdagi iste’molchilarga joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida 58 ming 873 tonnadan ziyod suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Bu degani, 2 million 943 ming donadan ortiq maishiy gaz ballonlari “aylanma” usul orqali almashtirilib berildi. Bugun viloyat bo‘yicha suyultirilgan gaz yetkazib berishning o‘rtacha davriyligi 35-40 kunga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu muddatni yanada qisqartirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Ma’lumki, sovuq ob-havo vaqtida suyultirilgan uglevodorodli gazning bir qismi og‘ir qoldiqqa aylanadi va yonuvchanligini yo‘qotadi. Shu bois, undan foydalanish mumkin emas. bugungi kunda “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filialining “Asaka”, “Shahrixon” hamda “Qo‘rg‘ontepa” gaz to‘ldirish shoxobchlarida maishiy gaz ballonlardagi og‘ir qoldiq gazni to‘kib olish ishlari olib borilmoqda.
– Yoz kunlarida kuniga o‘rtacha 30-40 dona gaz ballonlaridan og‘ir gaz qoldiqlari to‘kib olingan bo‘lsa, kuz-qish mavsumida ushbu ko‘rsatgich 100-120 donaga, ayrim kunlari 150 donani tashkil etadi, – deydi “Shahrixon” gaz to‘ldirish shoxobchasi boshlig‘i Saidumar Iminov. – Og‘ir gaz qoldig‘ini to‘kishda har bir to‘kilayotgan maishiy gaz balloni avval tarozidan o‘tkaziladi, og‘ir qoldiqdan bo‘shatilgach, yana tortilib, so‘ngra maxsus kitobga qayd etib boriladi. O‘tgan yili “Asaka”, “Qo‘rg‘ontepa” hamda “Shahrixon” gaz to‘ldirish shoxobchalarida 3 million 261 ming 212 dona maishiy gaz ballonlaridan 159 tonna og‘ir gaz qoldiq to‘kib olingan, shundan 157,75 tonnasi utilizatsiya qilingan. Joriy yilning 9 oyi davomida esa 2 million 253 ming 433 dona maishiy gaz ballonidan 52,25 tonna og‘ir qoldiq to‘kib olingan.
Shu o‘rinda, alohida ta’kidlash kerakki, suyultirilgan gaz ballonida hosil bo‘luvchi og‘ir qoldiqni xonadonda, o‘zboshimchalik bilan to‘kish mumkin emas. Bu hayot uchun o‘ta xavfli hisoblanadi. Ushbu jarayon maxsus joylarda, maxsus uskunalar yordamida amalga oshirilishi lozim.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, maishiy gaz ballonidan foydalanishda uning yaroqlilik davriga ham alohida e’tibor qaratish muhim. Yangi maishiy gaz balloni birinchi marta 5 yilda, keyin esa uch yilda albatta, sinovda o‘tkazilishi shart. Hozirda, har bir gaz to‘ldirish shoxobchalari qoshida maxsus sinov sexlari mavjud. O‘tgan yili ana shu sexlarda 18 ming 169 dona maishiy gaz balloni sinovdan o‘tkazilgan. 2022 yilning to‘qqiz oyida esa mutaxassislar tomonidan 17 ming 977 dona maishiy gaz balloni sinovdan o‘tkazildi.
Kuz-qish mavsumida suyultirilgan gazdan oqilona foydalanish bilan birga, ulardan xavfsiz, belgilangan tartiblar asosida foydalanish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni kunlarda mutaxassislar tomonidan ushbu yo‘nalishda aholi o‘rtasida keng ko‘lamli targ‘ibot-tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.
Mamlakatimizda iste’molchilarni suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash, texnik va texnologik jihatdan yangilash, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, iste’molchilarga suyultirilgan gazni yetkazish tizimini avtomatlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida o‘tgan yildan boshlab suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha ham har bir iste’molchini maxsus ID kartalar bilan ta’minlash hamda maishiy gaz ballonlarga maxsus yorliqlar yopishtirish orqali suyultirilgan gazni iste’molchi tomonidan qabul qilish va to‘lovni amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiluvchi avtomatlashtirilgan tizim yaratildi.
bugungi kunda viloyatdagi har bir suyultirilgan gaz iste’molchisi ID kartasiga ega va suyultirilgan gazni avtomatik tizim orqali olmoqda.
Umuman, viloyatda joriy kuz-qish mavsumida har bir iste’molchi xonadoniga suyultirilgan gaz ballonlarini o‘z vaqtida kirib borishini ta’minlash uchun soha xodimlari tomonidan zarur barcha ishlar amalga oshiriladi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA