Gastronomik turizm imkoniyatlari namoyish etildi
Andijon shahridagi EKO parkda «Gastro food» gastronomik turizm festivali bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda, xususan, Andijon viloyatida turizmni rivojlantirish, yangi turistik maskanlar barpo etish, turizm zonalari hamda turistik yo‘nalishlarni tashkil etish orqali hududga kelayotgan xorijiy hamda mahalliy sayyohlar sonini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Andijon shahar hokimligi, viloyat turizm boshqarmasi hamkorligida hududning turizm salohiyatini kengaytirish va o‘ziga xos pazandalik an’analarini ommalashtirish maqsadida Andijon shahrida tashkil etilgan «Gastro food» gastronomik festivali ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.


Soha ekspertlari, keng jamoatchilik hamda aholi vakillari ishtirok etgan festival davomida xalqimizning oshpazlik sohasidagi ko‘p asrlik «Ustoz-shogird» an’analari namoyish etildi. Tadbirda Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan tajribali va mahoratli usta oshpazlar bilan bir qatorda, professional ta’lim muassasalari - texnikumlarning turizm hamda oshpazlik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan iqtidorli o‘quvchi-yoshlari ham ishtirok etdi.
Festival doirasida tajribali pazandalar tomonidan mahorat darslari tashkil etildi. Unda usta oshpazlar yoshlarga o‘zbek milliy palovini tayyorlashning o‘ziga xos jihatlari, masalliqlarni tanlash va damlash texnologiyalari haqida batafsil ma’lumot berib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Bu kabi amaliy mashg‘ulotlar texnikum o‘quvchilari uchun nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlash hamda kelgusida turizm va xizmat ko‘rsatish sohasida malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bayramona ruhda o‘tgan festival yakunida milliy oshxona an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan pazandalar, faxriy oshpazlar hamda o‘zlarining pazandalik iqtidorlarini namoyish etgan bir guruh texnikum o‘quvchilari tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.



Gastronomik turizm sayyohlarning ma’lum bir hudud yoki mamlakatga sayohat qilishi asnosida o‘sha davlatning milliy taomlari, ovqatlanish madaniyati bilan yaqindan tanishish, shuningdek, milliy oshxonaning tarixi, an’analari, asrlar davomida shakllangan o‘ziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri