“Garov“ – vatanparvarlikdan so‘zlovchi film
Boshimiz uzra musaffo osmon, tinch va osuda, bexatar va bexavotir kunlarning qadriga yetyapmizmi? Yurtimiz yoshlari-chi? Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyi“da bo‘lib o‘tgan “Garov” badiiy filmining premerasi tomoshabinda ana shunday fikrlarni uyg‘otishi tabiiy.
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik, yurtga sadoqat, mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash ruhida tarbiyalashdek ulug‘ maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan ushbu kinokartina tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Premera davomida zalda birorta bo‘sh joyning qolmagani badiiy filmga bo‘lgan qiziqishning yana bir isboti bo‘ldi.
Ushbu film O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura, “Biz media”, “Kamron Films” ijodiy tuzilmalari va “Myening yurtim” telekanali hamkorligida suratga olingan.

Tadbir avvalida tashkil etilgan vatanparvarlik festivali hamda harbiy texnikalar va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi san’at saroyiga chin ma’noda haqiqiy harbiy muhitni olib kirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yil 12 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-ma’muriy sektorlarning 2023 yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan vazifalar muhokamasiga oid kengaytirilgan yig‘ilishida muhim masalalar qatorida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha ta’sirchan milliy kontentlar yaratish masalasiga ham katta e’tibor qaratilgan edi.
Yangi suratga olingan “Garov” badiiy filmi o‘zbek kinematografiyasida yangicha yondashuvlarga asoslangani bilan ahamiyatlidir.
Filmning dastlabki tomoshabinlari ham deyarli Vatan himoyachilaridan iborat bo‘ldi.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiylik kasbiga bo‘lgan qiziqishni oshirishga doir ushbu filmdagi Bunyod, Arslon, Elbek va Shohruh kabi obrazlar bugungi kun yoshlarini chin ma’noda yurt ravnaqi yo‘lida birlashishga chorlagani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Film premerasining yana bir quvonarli jihati, san’atkor Otabek Abdualiyev ijrosidagi saundtrek ham tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.
– Ushbu film yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir, – dedi O‘zbekiston Respublikada xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Saidov. – Bilasizmi, men garchi filmda salbiy rolni ijro etgan bo‘lsam-da, uning ijobiy qahramonlarga ta’siridan, filmning tugal va to‘kis chiqishidagi asosiy hissasi benihoya katta ekanidan quvondim. Aslida ham salbiy qahramonlar ijobiy qahramonlarga 80-90 foiz yutuq keltiradi.
Filmda asosiy rollarni Tohir Saidov, Bobur Yo‘ldoshev, Miravaz Solihov, Kamol Bobonazarov, Oloviddin Xo‘jamberdiyev, G‘ayrat Boymirzayev, Mirzohid Rahimov, Laziz Orziyev va boshqa aktyorlar ijro etgan.
G‘oya muallifi va rejissyor – Izzat Qalandarov. Postanovkachi rejissyor – Elmurod Yo‘ldoshev. Ssenariy mualliflari – Nizomiddin Mo‘minov, Jaloliddin Jo‘raboyev, Ravshan Yo‘ldoshev. Liboslar bo‘yicha rassom – Yulduzxon Qodirova. Bosh prodyuser – Qobuljon Ahmedov.
Premera avvalida Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan kinoijodkorlarning ijro va mahorati e’tirof etilib, ularga vazirlikning esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.
N.Usmonova, O‘zA