Gandbolchilarimiz jahon chempionatida qatnashmoqda
Gandbol bo‘yicha O‘zbekiston U20 qizlar terma jamoasi a’zolari Shimoliy Makedoniya poytaxti Skope shahrida o‘tkaziladigan jahon chempionatida ishtirok etish uchun jo‘nab ketdi.
Beshta qit’aning 32 ta milliy terma jamoalari ishtirokida o‘tkaziladigan mazkur jahon chempionati musobaqalari ertaga, 19 iyundan boshlanadi.
Aytish lozimki, O‘zbekiston qizlar terma jamoasi ushbu jahon chempionatiga yo‘llanmani joriy yilning 28 fevral – 3 mart kunlari poytaxtimizda tashkil etilgan «IHF Trophy» turnirida qo‘lga kiritgandi.

Gandbolchi qizlarimiz jahon chempionatining «G» guruhida Chernogoriya, Portugaliya, Gvineya terma jamoalari bilan joy olgan bo‘lib, hamyurtlarimiz ilk o‘yinni 19 iyun kuni Chernogoriya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Terma jamoamiz 21 iyun kuni o‘tadigan 2-tur bahsida Portugaliya terma jamoasi bilan kuch sinashsa, 22 iyun kuni bo‘ladigan so‘nggi 3-turda Gvineya vakillari bilan ro‘baro‘ keladi.
Jahon chempionati musobaqalari 30 iyunga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA