Gandbolchilarimiz Geydar Aliyev turniri finalida
Bugun, 1 sentyabr kuni Boku shahrida gandbol bo‘yicha ayollar jamoalari o‘rtasida Ozarbayjon xalqining milliy yetakchisi Geydar Aliyev xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirning hal qiluvchi musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Finalda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi mezbonlarning “Azeryo‘l” klubi bilan kuch sinashadi. Uchinchi o‘rin uchun kechadigan kurashda “Astana” (Qozog‘iston) va “Qorabog‘” (Azarbayjon) jamoalari to‘qnash keladi.

Kecha o‘tkazilgan yarim final bahslarida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Qozog‘istonning “Astana” klubini 36:35 hisobida dog‘da qoldirgan bo‘lsa, ikkinchi yarim final juftligida ozarbayjonning “Azeryo‘l” jamoasi “Qorabog‘” jamoasini 30:20 ko‘rinishida mag‘lub etdi.

Kecha shuningdek, 5-6-o‘rinlar uchun ham o‘yinlar tashkil etildi. Unda “Kur” (Ozarbayjon) va “Alatau Arulari” (Qozog‘iston) jamoalari ro‘baro‘ keldi. Qiziqarli o‘tgan uchrashuvda 34:27 hisobida “Kur” jamoasi g‘alaba qozonib, beshinchi o‘rinni egalladi. Qozog‘istonliklar esa oltinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA