Gandbolchi qizlar Andijonda bellashmoqda
Andijonda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida qizlar o‘rtasida gandbol musobaqasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Mamlakatimizda mahalla yoshlarini sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalari yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazib kelinmoqda.
[photobank-31336]
Andijon shahridagi universal sport majmuasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi kubogi” uchun qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan gandbol musobaqasining respublika bosqichida musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat bosqichlarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan mahalla jamoalari ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.
Qiziqarli va murosasiz bahslar asosida o‘tayotgan o‘yinlarda har bir jamoa o‘zining mahorat, hamjihatlik va g‘alabaga bo‘lgan intilishini namoyon etmoqda.
Musobaqalar shu yil 12-sentabrga qadar davom etadi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari