Gandbol: yaxshi ot keyin chopadimi?
Kecha Iordaniyaning Ammon shahrida gandbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi XVIII Osiyo chempionatining “A” va “B” guruhlarida dastlabki o‘yinlar bo‘lib o‘tdi.
“A” guruhida ishtirok etayotgan vakillarimiz Osiyo gandbolida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan janubiy koreyaliklar bilan munosib o‘yin taktikasini namoyish etdi. Biroq xalqaro tajribasi yuqori bo‘lgan koreyaliklar hamyurtlarimizni dog‘da qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. Janubiy Koreya-O‘zbekiston: 45:19. Ushbu guruhning Qozog‘iston-Singapur o‘yinida qo‘shnilarimiz g‘alaba bayrog‘ini ko‘tarishdi.
“B” guruhida esa quyidagi natijalar qayd etildi: Yaponiya-Eron:23:20, Falastin-Iordaniya:7:45, Quvayt-Suriya:28:32.
O‘zbekiston terma jamoasining guruhdagi keyingi raqibi Qozog‘iston gandbolchilari. Qo‘shni davlat vakillari bilan bo‘ladigan o‘yin 18 sentyabr kuni o‘tkaziladi.
Bugun esa “A” guruhida Qozog‘iston-Gongkong, Janubiy Koreya-Singapur uchrashuvlari o‘tkazilsa, “B” guruhida Eron-Quvayt, Iordaniya-Suriya va Yaponiya-Falastin bahslari bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston qit’a chempionatining «A» guruhidan joy olgan. Guruhdagi raqiblarimiz Janubiy Koreya, Gonkong, Qozog‘iston, Qatar va Singapur terma jamoalari. Chempionat bahslari 25 sentyabrga qadar davom etadi. Terma jamoamiz garchi ilk o‘yinni boy bergan bo‘lsa-da, “yaxshi ot keyin chopadi” tamoyiliga amal qilgan holda qit’a chempionatida munosib ishtirok etadi, degan umiddamiz.
T. Ro‘ziyev, O‘zA