Gandbol: Jahon chempionatining bugungi bahsida O‘zbekiston jamoasi Fiji bilan kuch sinashadi
Ruminiyada gandbol bo‘yicha U18 ayollar milliy terma jamoalari ishtirokida o‘tkazilayotgan jahon chempionati bahslari o‘zining yuqori nuqtasiga yaqinlashmoqda.
Mazkur dunyo birinchiligi mamlakatimiz gandbolchi qizlari uchun katta tajriba musobaqasi bo‘ldi.
Chempionatda ilk bor ishtirok etgan hamyurtlarimiz guruh bosqichida Ispaniya, Germaniya singari gigantlar bilan o‘z guruhida kuch sinashgan bo‘lsa, keyingi bosqich hisoblangan Prezident kubogi musobaqalarida O‘zbekiston terma jamoasi Portugaliya, Argentina jamoalari bilan ro‘baro‘ keldi.
Mazkur o‘yinlarda o‘ziga xos tajriba to‘plagan gandbolchi qizlarimiz kecha 29-32-o‘rinlar uchun o‘tkazilgan dastlabki o‘yinda Jazoir jamoasi qarshiligini yengishga harakat qildi.
Katta ruhiy bosim ostida o‘tgan qarama-qarshilikda ishonchli va mazmunli o‘yin namoyish etgan gandbolchi qizlarimiz raqiblarini 38:30 hisobida dog‘da qoldirdi.
Bugun, 7-avgust kuni O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Fiji jamoasi bilan to‘qnash keladi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionati o‘yinlari 9-avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA