G‘alladan bo‘shagan maydonda takroriy ekin ekiladi
Buxoro viloyati Vobkent tumanida 332 fermer xo‘jaligi ixtiyoridagi 6 ming 210 gektar maydonda bug‘doyning “Alekseyevich”, “Starshina”, “Vata” kabi serhosil navlari ekib parvarishlandi. G‘alla o‘rim-yig‘imi davrida tumanda 20 o‘rim-yig‘im otryadi tashkil etildi. Har bir otryadga yuqori unumli kombayn va ekipaj biriktirilgani holda shu kecha-kunduzda ham o‘rim-yig‘im, dalani somondan tozalash ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Har yilgi agrotexnik an’anaga muvofiq, joriy yil tumanda g‘alla hosilidan bo‘shatilayotgan yer maydonining 170 gektarida sabzi, 74 gektarida sholg‘om, 78 gektarida turp, 82 gektarida lavlagi, 120 gektarida tarvuz, 90 gektarida qovun, 44 gektarida oshqovoq, shuningdek, 613 gektarida kungaboqar, 274 gektarida mosh, yana shuncha gektarda loviya, 100 gektardan oshiq yerda kartoshka ekib yetishtirish chora-tadbiri ko‘rilmoqda. Xuddi shunday, chorva mollari uchun ozuqa bazasi zaxirasi uchun qariyb 2 ming 100 gektar yer maydoni ajratilmoqda. Shundan 2 ming 548 gektarda tariq, makkajo‘xori va boshqa ozuqabop ekinlar yetishtiriladi.
Umuman, hududda bug‘doy yetishtirilgan konturlarning jami 6 ming 199 gektar yer maydonida takroriy qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekib parvarishlash, pirovardida elimiz dasturxoni to‘kinligi uchun ehtiyojga yarasha sabzavot-poliz mahsulotlari bilan birga chorva majmuasi uchun talab qilinayotgan zaxirani tayyorlash maqsad qilingan.

Shu nuqtai nazardan, tumanning “Garden Bukhara Agroclusster” MCHJ da qishloq xo‘jaligiga daxldor korxona va tashkilotlar, fermer xo‘jaliklari mas’ullari ishtirokida g‘alladan bo‘shagan yerlarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini takroriy ekish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, talab etiladigan moddiy resurslarni o‘z vaqtida yetkazib berishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Tumanning Qo‘ng‘irot va Yangikent hududlaridagi “Garden Bukhara Agroclusster” MCHJ tasarrufidagi 375 gektar maydonda bu yil “Buxoro-8” naviga mansub sanoat xom ashyosi parvarish qilinayotgan bo‘lsa, yana yuz gektardan ortiq maydonda “Starshina” va “Grom” naviga mansub g‘alladan barakali hosil yetishtirildi. Bugunga kelib birgina paxta yetishtirilayotgan maydondan 1 ming 500 tonnalik “oq oltin” xirmoni bunyod etish maqsad qilingan bo‘lsa, shu kunlarda somondan tozalanayotgan konturlarni ehtiyojmand aholi vakillariga teng taqsimlab berish ishlari boshlangan.
Shuningdek, so‘nggi uch-to‘rt yilda hududda “Garden Bukhara Agrocluster” MCHJ va boshqa xo‘jaliklarda yana 208 gektar intensiv bog‘ barpo qilindi. Olma, o‘rik, sara navli uzumzor kengaytirilmoqda. Barpo qilinayotgan tokzor hisobidan hosildorlik ham yil sayin oshmoqda. Boshqacha aytsak, hududda ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan sara uzum hosili o‘tgan mavsumda 3 ming tonnadan oshirilgani ham elimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega.

Ekin yeridan unumli foydalanish, bu jarayonda har bir mahallada ijtimoiy muhofazaga olingan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan o‘rin olgan kamxarj, mehnatga layoqatli oilalar daromadini oshirish, moddiy ta’minotini yaxshilashga e’tibor qaratilmoqda. Ularga sabzavot-poliz, moyli ekinlar hamda chorva ozuqasi ekinlari uchun urug‘lik ta’minoti, yer tayyorlash va sug‘orish ishlarida fermer xo‘jaliklari mas’ul ekanligi alohida ta’kidlandi. Albatta, bu chora-tadbirlar joylarda ishchi guruhlari tomonidan alohida nazoratga olinmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA