G‘alla o‘rimi uyushqoqlik bilan davom etmoqda
Bu yilgi noqulay ob-havo sharoitiga qaramay qashqadaryolik mirishkor dehqonlar ham g‘alla yetishtirish rejasini ortig‘i bilan bajarmoqda.
Xususan, viloyatning Chiroqchi tumani g‘allakorlari 4 ming 872 gektardan ortiq maydonda g‘alla yetishtirdi va gektaridan 50 sentnerdan 70 sentnerga mo‘l hosil yetishtirdi.

Shu kunlarda yetishtirilgan g‘allani nest-nobud qilmay yig‘ib olish, o‘rim-yig‘im mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish dolzarb vazifalardan biriga aylangan. Shu maqsadda tumanda g‘alla o‘rim-yig‘imiga tayyorgarlik ishlari yakuniy pallaga kirgan. Xususan, g‘alla maydonlari, donni qayta ishlash va qabul qilish korxonalari hamda o‘rim kombaynlarining mavsumga shayligi doimiy nazoratga olinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.

Tumanda g‘alla o‘rimiga jalb etiladigan 14 kombayn va 80 ta don tashishga mo‘ljallangan transport vositalari tekshiruvdan o‘tkazilib, mavsumga shay holatga keltirilib, uyushqoqlik bilan mehnat qilmoqda.

G‘alla mavsumida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, olib borilayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlarining samaradorligini yanada oshirish maqsadida ko‘plab panno va shiorlar tayyorlanib, yo‘l chetlari hamda gavjum joylarga o‘rnatilishi belgilandi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.