G‘alla – 2021: fermer don sotish shartnomasini bajardi
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi “Istiqlol kafolati” fermer xo‘jaligi hududdagi don mahsulotlari korxonasi bilan g‘alla sotish bo‘yicha tuzgan shartnomasini Jizzax viloyatida birinchi bo‘lib bajardi. Fermer korxonaga 32,6 tonna yuqori kondensiyali don sotdi.
– Prezidentimiz tomonidan g‘alla yetishtirishda bozor iqtisodiyoti tamoyillariga o‘tishni keng joriy etish, don sotish bo‘yicha davlat buyurtmasi qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgani tufayli dehqon o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqib mahsulot yetishtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Otabek To‘rayev. – Jami 60 gektar yerda dehqonchilik qilamiz. Iqtisodiy imkoniyatlarni, almashlab ekish talablarini hisobga olib don korxonasi bilan 32,5 tonna don bo‘yicha shartnoma tuzgandik. 10 gektar maydonning 7 gektaridan olingan hosil bilan shartnomani bajardik. Qolgan maydondan olingan don xo‘jaligimizning ichki ehtiyojlari uchun ishlatiladi.
Do‘stlik tumani viloyatda eng ko‘p g‘alla yetishtiruvchi tuman hisoblanadi. Joriy yilda tuman fermerlari 13 ming 700 gektar maydonda mo‘l hosil yetishtirdi. Ushbu maydonlardan 45 ming 990 tonna don hosili yig‘ishtirib olish mo‘ljallangan.

Ayni kunlarda tumanning barcha hududlarida g‘alla o‘rimi qizg‘in borayotir. Mavsumda qatnashayotgan 48 ta kombayn bilan har kuni 250 gektardan ziyod maydonning hosili yig‘ib olinmoqda. Hozirgacha jami hosilning 2 ming tonnaga yaqini yig‘ishtirib bo‘lindi.
Tumanda yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan yig‘ishtirib olish uchun mavjud kombayn, g‘alla tashuvchi transport, texnik xizmat ko‘rsatuvchi, ta’minotchilardan iborat 22 ta o‘rim-yig‘im otryadi tashkil etilgan. Sinovdan o‘tgan bu usul g‘alla hosilini qisqa fursatlarda, ortiqcha yo‘qotishlarsiz, nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish imkoniyatini yaratadi.
Mavsumda mexanizatorlar hamda tashuvchi texnikalar haydovchilari manfaatdorligiga alohida e’tibor qaratilayotir. Transportlar uchun yoqilg‘i ta’minoti bo‘yicha ham qulay tartib joriy etilgan.
Bu yil viloyat g‘allakorlari 101 ming gektardan ziyod yer maydonida hosil yetishtirdi. Shu kunlarda barcha tumanlarda hosil o‘rim-yig‘imi qizg‘in borayotir.
T.Beknazarov, J.Yorbekov (surat), O‘zA