"GAI"ning o‘zi qoidani buzib tursa, arzingni sudga aytasanda
Yaqinda qoidabuzarliklarni qayd etuvchi jami 2,5 mingdan ziyod kamera va radar o‘rnatilgani, natijada avariyalar 30 foizga kamaygani haqidagi xabarga ko‘zim tushdi. Bu yaxshi, lekin ba’zi nohaqliklar haqida gapirmay iloj yo‘q.
Keyingi paytda ayrim “tadbirkorlar”ning hatto sun’iy to‘siqlar bilan kameraga tushishga majburlash holatlari ko‘paydi. Ularni “tadbirkor daromad topishi kerak-da” deb oqlash mumkin, adolatsiz bo‘lsa ham. Ammo "GAI"ning o‘zi shunday yo‘l tutsa, oqlab bo‘ladimi?
Yaqinda sudda ishlaydigan bir tanishim gapdan gap chiqib, keyingi paytlarda sudga jarima bilan bog‘liq qarorlarni bekor qilish bo‘yicha arizalar ko‘payganini, bu ortiqcha yuk bo‘layotganini aytib qoldi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga ko‘ra, haydovchi maxsus mashina yoki ko‘chalarga o‘rnatilgan ko‘chma, mobil radarlar orqali qayd etilgan qoidabuzarlik uchun jarima to‘lamaslikka haqli.
Vazirlar Mahkamasining 975-sonli qaroriga ko‘ra, aslida radar shunday qoidabuzarlikni qayd etganidan so‘ng YPX xodimi ma’lum masofadan so‘ng sizni to‘xtatib, qoidabuzarlikni tushuntirishi, talabingizga ko‘ra radarning kunlik dislokatsiyasi, ko‘rsatkichlari, qiyoslash sertifikati bilan tanishtirishi lozim.
Aks holda jarima bayonnomasi sizning arizangiz bilan sud orqali bekor qilinishi mumkin.
Lekin bunday kameralar har kuni yuzlab, minglab avtomobilni qarmoqqa ilintiradi. Bilgan bunday bayonnoma yuridik kuchga ega emasligini bilib sudga murojaat qiladi, bilmagan jarima to‘layveradi. Sudga bundaylarning yuzdan biri murojaat qiladi, xolos.
Buni YPX ham biladi, lekin nimagadir jarimalarni rasmiylashtiraveradi. Aslida ularning o‘zi ham belgilangan tartibni buzib, hadovchilarda norozilik uyg‘otmoqda. Sudlarga esa ortiqcha ishni ko‘paytirmoqda.
Buning sababi jarimadan manfaatdorlik. YPX xodimlarini jarimaning ma’lum foizi bilan rag‘batlantirish bekor qilinmas ekan, nazorat organining o‘zi tartibni buzaveradi. Jarimaning atigi 20 foizi byudjetga yo‘naltiriladi, qolgan qismi idoralar tomonidan “talon-toroj” qilinadi.
Bu bilan radarlar qo‘yilmasin demoqchi emasmiz, lekin o‘yin qoidalariga DAN xodimlari ham amal qilsin. Qonun barcha uchun barobar bo‘lishi kerak. Shundagina adolat bo‘ladi.
Jahongir Ziyayev, deputat
O‘zA