G7 global ta’lim loyihasini ishga tushiradi
Yettilik guruhi (G7) rivojlanayotgan mamlakatlardagi qizlar maktablarini qo‘llab-quvvatlash uchun yaqin ikki yil ichida 15 milliard AQSH dollari ajratishni rejalashtirgan.
Bu haqda TASS axborot agentligi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga asoslangan holda xabar beradi.
“Yettilikka” a’zo davlatlar ajratilgan mablag‘lar evaziga 2026 yilga borib, daromad darajasi past mamlakatlardagi 40 million nafardan ortiq qizlar maktabga borish imkoniga ega bo‘ladi, 20 million nafar qizlar esa, 10 yoshgacha o‘qishni o‘rganadi. “Qizlarni o‘qitishga sarmoya kiritish eng oqilona kapital qo‘yilmalardan biri hisoblanadi, chunki bu insonlarni qashshoqlikdan qutqarishga, iqtisodiyotni o‘stirishga xizmat qiladi, insonlar hayotini saqlab qoladi va koronavirus pandemiyasining oqibatlarini bartaraf etishga yordam beradi. Savodli onaning farzandining savodsiz onaning farzandlariga qaraganda, 5 yoshgacha yashab qolish ehtimoli 50 foizga ko‘proq, maktabga borish ehtimoli ikki baravar yuqori hamda emlash ehtimoli 50 foiz ko‘proq”, – deyiladi Britaniya Tashqi ishlar vazirligining bayonotida.
Yetilik guruhi (Group of Seven – G7) – Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya va AQSH ni birlashtiradigan xalqaro klub bo‘lib, uning doirasida xalqaro dolzarb masalalar bo‘yicha yondashuvlar uyg‘unlashtiriladi. Har yili guruhga a’zo davlatlar navbat bilan guruh sammitini o‘tkazishadi. Yettilik guruhi xalqaro tashkilot hisoblanmaydi, u xalqaro shartnomaga asoslanmagan, ustavi va kotibiyatiga ega emas. G7 ning ustavi bo‘lmagani sababli ushbu institut maqomini rasman qabul qilish mumkin emas.
Roman BONDARCHUK, O‘zA