G‘urur oriyatdan ustun kelganda....
Toki g‘urur muhim rol o‘ynar ekan, odamlar bir-birini yo‘qotadi...
Toki g‘urur muhim rol o‘ynar ekan, odamlar bir-birini yo‘qotadi...
Bu fikrni aynan kim aytganini bilmayman, ammo uning mohiyatida achchiq haqiqat yashirin.
Ikki kishi, aniqroq aytganda, biri-birini sevgan yigit va qiz yoki er va xotin munosabatida ba’zan asosiy tuyg‘u – muhabbat,mehr-oqibat bir chetda qolib, g‘urur birlamchi omilga aylanib ketishi sir emas.Ayniqsa, milliy mentalitetimizda “men sendan kam emasman, men sendan qolishmayman”, degan ahmoqona qarashlar yo‘q emas.
Eng yomoni, buning oqibatida minglab bolalar tirik yetimga aylanmoqda. Gohida ona, gohida ota mehriga to‘ymay, ularning to‘liq tarbiyasini olmay ulg‘ayotgan bolalar ruhiyatida esa kemtiklik bo‘lishi muqarrar.
Ma’lumotlarga qaraganda, 2019 yilda 34 mingga yaqin oila ajrim yoqasiga kelgan. Demak, bu oilalarning ko‘pchiligi allaqachon ajrashib bo‘lgan. Chunki bugungi yoshlar ongida oriyat tushunchasidan ko‘ra g‘urur, aniqrog‘i maqsadsiz g‘urur ustunlik qilayotganini kuzatish qiyin emas.
... Ikkalasi ham yoshgina bo‘lgan er va xotinning o‘zaro tortishuvini kuzatib turarkanman, bu yerda chetda qaraganda yuqorida tilga olingan “ahmoqona g‘urur” rol o‘ynayotganini his etdim. Kelinchak gapdan qolishni o‘ylamas, hech bo‘lmasa,atrofdagilardan istihola qilmayotgan edi.
O‘ylab qoldim, nega endi ular bir chetga chiqib, o‘zaro gaplashib olishni ma’qul ko‘rmadi? Atrofdagilarga o‘zlarini ko‘rsatish uchun ham tortishuvga erk berish shartmidi? Aslida esa ularning barcha harakatlari faqat o‘zlarining zarariga ishlayotganini, buning boshqalarga hech qanday ahamiyati yo‘qligini tushunish nahotki shunchalik qiyin bo‘lsa?
Bilishimcha, ularning oila qurganiga hali ko‘p bo‘lmagan.Kelinchakning tili shunday burro ediki, unga nasihat qilgan ham baloga qolishi tayin. Ammo, ayanchlisi, u homilador ekan... Shuni o‘ylab mutasaddilar ularni yarashtirishga urinayotgan edi.
Sir emaski. hayotda qalb ko‘zi ko‘r odamlar ham bor. Ularga esa insoniy tuyg‘ularni tushuntirishga, anglatishga to‘g‘ri keladi ba’zan. Misol uchun, oilada farzand dunyoga keldi. Bu aslida katta bir mo‘jiza, inoyat ekanini, shu jajji bolakay oila hayotining davomchisi ekanini barcha ota-onalar ham to‘liq his qilmaydi. Oila qurilgach, bola tug‘iladi-da, deb bunga jo‘n qaraydiganlar, farzand mas’uliyatini umuman his qilmaydiganlar, afsuski, ko‘payib bormoqda.
Aro yo‘lda oilani tark etish, bolalarni qarovsiz qoldirib, o‘z hoyu-havaslari uchun yashayotganlar borligi buni yaqqol tasdiqlaydi. Jahl ustida ayolini qo‘lidagi bolasi bilan uydan haydab yuborgan yigit oradan yillar o‘tib, hayotidagi kemtiklikni his qiladi.
Bunga yon-atrofida farzandlari bilan baxtli yashayotgan ota-onalarni ko‘rgani, o‘zida esa mehr berguvchilar yo‘qligini oxiri anglagani sabab bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.
U turmush o‘rtog‘ining ota-onasi yashayotgan hovlining darvozasini chertar ekan, allaqachon katta bo‘lib qolgan o‘g‘li hozir yugurib chiqib “dadajon”, deb bag‘riga otiladigandek hayajonlanadi.
Biroq, afsus! Fursat boy berilgan, ayoli boshqa turmushga uzatilgan, bola esa o‘gay ota qaramog‘iga ketgan edi...
Erkak uchun bundan og‘ir savdo bo‘lmasa kerak!..
Bu fikrlarni, to‘g‘risi, ilgari ham maqolalarda qayd etganmiz. Chunki Oliy sud tomonidan yaratilgan “Farzand – omonat” filmidan olinadigan hayotiy saboq shunday.
Bu film yuz nafar odamni yig‘ib, qo‘yib berilsa, ulardan yarmi ko‘ziga yosh oladi. Turli sabablarga ko‘ra ajrashishga qaror qilgan 50 oila vakillari filmni tomosha qilgach, hech bo‘lmasa yarmi ajrashmaslikka qaror qiladi.
- Xorazm viloyatiga borib, ajrashish uchun ariza bergan er va xotinlarni to‘plab, filmni qo‘yib berganimizda, 50 tasidan 35 tasi yarashib ketgandi, — deydi Oliy sud raisining o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov. — Keyingi bir-ikki yilda shunday ta’sir chorasi, tushuntirish ishlari natijasida mingdan ziyod oila ajrimdan saqlab qolindi. Bu esa minglab farzandlarimizga bag‘ri butunlik qaytarildi, degani.
Zero, shukrki, hali qalbi butunlay toshga aylanmagan odamlar ham bor, oramizda. Toshkent shahrida ajrashishga qaror qilgan o‘nlab oilalar vakillari bilan shunday uchrashuv tashkil etilib, ularga ham “Farzand – omonat” filmi namoyish etildi.
Film tugagach, to‘rt oila vakillari ajrashish uchun bergan arizasini qaytarib olishga qaror qildi.
Shulardan biri – shayxontohurlik Hikmat bilan suhbatlashganimizda, u filmdan qattiq ta’sirlangani, ayoli bilan bo‘lgan ozgina kelishmovchilik sabab uch farzandi taqdiriga befarq bo‘lganidan juda afsuslanganini aytdi. Ancha paytdan beri ko‘rmagan bolalari birma-bir ko‘z o‘ngidan o‘tib, shu yerning o‘zida ayolining huzuriga borganini, o‘zidagi kayfiyat unda ham zohir bo‘lgani sabab, ular yarashishga ahd qilganini ma’lum qildi.
Endi ular uyga birga borganida bolalarning sevinchini tasavvur qilavering!
Yuqorida tilga olingan yosh oilachi? Endi ularning taqdiri nima bo‘ladi? Boshqorong‘u bo‘lgan kelinchak o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolganida, uning holini kim so‘raydi? Axir xalqimiz “chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari”, deb bejiz aytmagan. U turmush o‘rtog‘ining yonida bo‘lsa, “ko‘ngling nima tusayapdi?”, deb parvona bo‘lmasmidi?
Kelinchak uchun vujudida paydo bo‘lgan kichik bir jon uning g‘ururidan, burro tilidan ming bor ustun, million bor qadrli emasmi, aslida? Buni anglatish uchun nahotki unga hech narsa ta’sir qilmasa? Axir hayotda tirnoqqa zorlar qancha. Taqdir unga farzand ne’matini ato qilsa-yu, u bunga shukrona keltirish o‘rniga hali tug‘ilmagan bolani otasidan mahrum qilishga urinishi qaysi me’yorga to‘g‘ri keladi?
Shu yerda, ha, aynan shu yerda g‘urur oriyatdan ustun kelib, er va xotin bir-birini yo‘qotayotgan edi. Holbuki, ular hali dunyoga kelmagan jajji bolakayning ikki ko‘rar ko‘zi edi...