Chirchiqda kikboksing bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasi o‘tkazildi
Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejida yoshlar o‘rtasida kikboksing bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bo‘lib o‘tdi.
Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejida yoshlar o‘rtasida kikboksing bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston havaskor va professional kikboksing assotsiatsiyasi hamda bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida yoshlarimiz xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgani ta’kidlandi. Bu yutuqlar salmog‘ining ortishida o‘zbek kikboksing maktabi vakillarining ham munosib o‘rni bor.
Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 900 dan ziyod sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
– Bugun zo‘r musobaqa bo‘ldi, raqiblarimning hammasi ham kuchli ekan, – deydi Toshkent shahridagi 110-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Mahkambek Po‘latov. – Shunday nufuzli bellashuvda g‘olib bo‘lganimdan xursandman.
Musobaqa g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.