G‘oliblar mamlakat bosqichida qatnashadi
Buxoro shahridagi “Livadiya – Buxoro” xususiy korxonasida ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ayniqsa, meva-sabzavotlarni quritish uskunasi xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Buxoro shahridagi “Livadiya – Buxoro” xususiy korxonasida ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ayniqsa, meva-sabzavotlarni quritish uskunasi xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, agrofirmalarning yaqin hamkoriga aylangan korxonada ishlab chiqarilayotgan meva-sabzavot quritish uskunalari xorijnikidan aslo qolishmaydi. Eng muhimi, ushbu uskunalarda quritilgan mahsulotlar o‘zining tabiiy xususiyatini saqlab qoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2015” respublika ko‘rik-tanlovining Buxoro viloyati bosqichida ham mazkur korxona mahsulotlari yuqori baholanib, uning rahbari Ilhom Sayfiyev “Yilning eng yaxshi tadbirkori” deb e’tirof etildi.
– Uskunalarimizni to‘lov muddatini uzaytirgan holda sotishni yo‘lga qo‘ydik, – deydi “Livadiya-Buxoro” korxonasi rahbari Ilhom Sayfiyev. – Bu nafaqat fermerlar, balki agrofirmalar, qishloq aholisi uchun ham qulaydir. Ayni paytda 50 kishi mehnat qilayotgan korxonamizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritib, qadoqlash ham yo‘lga qo‘yilgan. Bunday mahsulotlarga tashqi bozorda qiziqish ortmoqda. So‘nggi olti oy mobaynida 150 ming dollarlik quritilgan mahsulot eksport qildik. Yil oxiriga qadar eksport hajmini 500 ming AQSh dollariga yetkazishni rejlashtirganmiz.
Tadbir doirasida ishtirokchilar tomonidan tashkil etilgan yengil sanoat mollari, turli xomashyo va ulardan tayyorlangan buyumlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Jondor tumanidagi ko‘ptarmoqli “Bo‘ston Nazar” fermer xo‘jaligi rahbari Nazar Hojiyev “Yilning eng yaxshi fermeri”, Buxoro tumanidan Akmal Muhiddinov “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Tanlovda, shuningdek, o‘ndan ortiq nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, taqdirlandi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi M.Esonov so‘zga chiqdi.