G‘olib jamoa mamlakat bosqichiga boradi
Buxoroda “Soliq bilimdonlari” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Buxoroda “Soliq bilimdonlari” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.Viloyat davlat soliq, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda oliy o‘quv yurtlarining besh jamoasi o‘zaro bahslashdi.
Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan tanlovda yoshlar mamlakatimizda soliq siyosati sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mazmun-mohiyatini ko‘rgazmali chiqishlar orqali namoyish etdi. Savol-javob asosida soliq sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan Prezidentimizning farmonlari, qaror va farmoyishlari ijrosi, soliq stavkalari, imtiyozlariga oid bilimlari baholandi.
Buxoro muhandislik-texnologiya institutining “Istiqlol” jamoasi g‘olib, deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. Buxoro davlat universitetining “Taraqqiyot kafolati”, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti Buxoro filialining “Taraqqiyot” jamoalari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi.