FVV vakillari Koreyada malaka o‘tamoqda
Shu kunlarda FVV vakillari Koreya Respublikasida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan tashkil etilgan xalqaro o‘quv-treningda ishtirok etmoqda.
Tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish sohasidagi malaka va tajribalarni yanada rivojlantirish, sohadagi milliy tizim samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan mazkur trening joriy yilning 19 oktyabridan 1 noyabriga qadar bo‘lgan davrda “O‘zbekistonda tabiiy ofatlarga qarshi kurashish salohiyatini oshirish” mavzusida o‘tkazilmoqda.

Trening doirasida FVV xodimlari Koreya Respublikasining favqulodda vaziyatlarni boshqarish tizimi, aholi va hududlarni himoya qilishdagi ilg‘or usullar hamda zamonaviy texnologiyalar bilan tanishmoqda. Shuningdek, ishtirokchilar tabiiy ofatlar vaqtida aholini evakuatsiya qilish, qutqaruv va izlash ishlarini samarali tashkil etish, favqulodda vaziyatlardan keyin tiklash choralarini amalga oshirish bo‘yicha xorijiy tajribalarni o‘rganmoqda.
Dastur doirasida amaliy mashg‘ulotlar, taqdimotlar va tajriba almashish sessiyalari ham tashkil etilgan bo‘lib, ular orqali o‘zbekistonlik ishtirokchilar Koreyaning zamonaviy qutqaruv tizimi, axborot almashinuvi va xavf-xatar tahlili sohasidagi tajribasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA