Futzal bo‘yicha jahon chempionati kubogi taqdimoti
Andijon shahridagi “Ekopark”da futzal bo‘yicha jahon chempionati kubogi taqdimoti – “Trophy tour” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi hamkorligida Andijonda tashkil etilgan kubok taqdimoti tadbirida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, minglab futzal ishqibozlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
–Ma’lumki, joriy yilning 14 sentyabr – 6 oktyabr kunlari mamlakatimizda futzal bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi, – deydi viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov. – Xususan, Andijon shahrida ham mazkur jahon chempionatining guruh o‘yinlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Ayni kunlarda viloyatimizda mazkur musobaqalarni ko‘ngildagidek o‘tkazish uchun zarur tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
“Trophy tour” tadbirida jahon chempionati kubogi keng jamoatchilikka namoyish etildi, shuningdek, chempionat ramzi bilan yaqindan tanishtirildi. Chempionatning rasmiy ramzi sifatida kuch va mardlik timsoli bo‘lgan Turon yo‘lbarsi tanlangan.
Tadbir ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan tashkil etilgan qiziqarli va ko‘ngilochar dasturlardan bahramand bo‘lishdi.
Futzal muxlislariga jahon chemionati kubogi bilan suratga tushish imkoni berildi.
[gallery-18678]
–Mamlakatimiz, xususan, Andijonda futzal bo‘yicha jahon chemionati o‘tkazilishi, chempionat kubogining namoyish etilishi Andijon uchun tarixiy voqea, – deydi faxriy sport jurnalisti To‘lqin Siddiqov. –Ushbu tadbir shaxsan mening, qolaversa, minglab futbol muxlislari qalbida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Kubok taqdimoti – “Trophy tour” tadbiri mamlakatimizning boshqa hududlarida ham bo‘lib o‘tadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari