Futzal: 9 oy davomidagi ishlar tahlil qilindi
Mamlakatimizda futzal yildan-yilga aholi o‘rtasida ommalashib bormoqda. Ayniqsa, futzal bo‘yicha joriy yilgi Oliy liga bahslari har qachongidan ham qiziqarli va o‘ziga xos tarzda boshlandiki, bu, muxlisu mutaxassislar e’tirofini qozondi.
O‘zbekiston futzal federatsiyasining 9 oylik faoliyati sarhisobi va Oliy liga musobaqalarining dastlabki uchta tur yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar qatorida kelgusi rejalar belgilab olindi. Terma jamoalar oldida turgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston futzal federatsiyasi raisi Bekzod Mamatqulov o‘tgan davr mobaynida mamlakat milliy chempionatining 3 ta tur o‘yinlari Toshkent, Andijon va Jizzax shaharlarida uyushqoqlik bilan o‘tkazilganini ta’kidladi. Yangi mavsumdan Oliy liga jamoalariga 30 nafardan ziyod legionerlar jalb etilayotgani aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda mavjud kamchiliklar tahlil qilindi. Ayrim jamoalar musobaqa Reglamenti talablarini to‘liq bajarmayotgani, klublarda tibbiyot va matbuot xizmatlari faoliyat ko‘rsatmayotgani, ba’zi jamoalarning musobaqalarga to‘liq murabbiylar shtabisiz ishtirok etishi, yosh va iste’dodli yoshlarni kashf etish ishlari tanqid ostiga olindi.

Bu, nafaqat ichki musobaqalar darajasiga, balki o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarining xalqaro maydonlardagi ishtiroki natijalariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etildi.
Muhokamalar jarayonida yurtimiz futzalchilarining Saudiya Arabistonida tashkil qilinadigan VI “Islom birdamligi” o‘yinlari va o‘smirlar terma jamoasining Bahraynda bo‘ladigan yoshlar o‘rtasidagi III Osiyo o‘yinlarida munosib natijalarga erishishiga e’tiborni qaratish borasida mas’ullarga aniq vazifalar yuklandi.
Tadbir yakunida futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining ertaga, 16 oktyabr kuni Qozog‘iston terma jamoasiga qarshi o‘tkazadigan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuviga tayyorgarlik ishlari ko‘rib chiqildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA