Futbolchi qizlarimiz Osiyo kubogida g‘alaba qozondi
Avstraliyada futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasida davom etayotgan Osiyo kubogining “B” guruhida uchinchi tur doirasida O‘zbekiston – Bangladesh va KXDR – Xitoy terma jamoalari o‘zaro raqobatlashdi.
Terma jamoamiz Bangladesh termasiga qarshi o‘tgan uchrashuvda 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Terma jamoamizga muhim g‘alabani keltirgan gollarga Diyora Habibullayeva, Diyora Nozimova (dubl) Nilufar Qudratova mualliflik qildi.
Shu tariqa, mazkur uchrashuvdan so‘ng jamoamiz 3 ochkoga ega bo‘lib, guruh bosqichining uchinchi o‘rnidan joy oldi. Bangladesh esa uch o‘yinda biror marotaba g‘alaba qozonmadi va musobaqani so‘nggi pog‘onada yakunladi.
KXDR – Xitoy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 1:2 hisobida yakunlandi. Natijada Xitoy 9 ochko bilan birinchi, KXDR esa 6 ochko to‘plab, ikkinchi o‘rindan joy oldi.

Ma’lumot uchun, Osiyo kubogida jami 12 ta terma jamoa uch guruhga bo‘lingan holda raqobatlashmoqda. Guruh bahslarida 1-2-pog‘onani egallagan jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri chorak finalga chiqadi.
Yana eng yaxshi natija ko‘rsatgan 2 ta 3-o‘rindan joy olgan terma jamoalar 1/4 finalga chiqadi. Qit’a birinchiligining yarim final ishtirokchilari 2027-yilgi jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
Chorak finalda mag‘lubiyatga uchragan jamoalar esa qo‘shimcha yo‘llanmalar uchun bellashadi. Pley-offdagi ikki g‘olib mundialda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
Mag‘lub bo‘lgan jamoalar konfederatsiyalararo pley-off bosqichida o‘z omadini yana bir bor sinab ko‘radi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA