Futbol: Xorazmlik talabalar “Universiada” g‘olibi
Talaba-yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirishda oliy o‘quv yurti jamoalari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “Universiada” musobaqalarining alohida o‘rni bor. Ayniqsa, futbol musobaqalari qiziqarliligi bilan alohida ajralib turadi.
Bu yilgi “Universiada” o‘yinlarining futbol musobaqalari to‘rt bosqichda o‘tkazilib, avval hududlar, keyin mintaqalararo va nihoyat respublika final o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

Respublika final o‘yinlarida 14 ta oliygoh jamoasi 4 ta guruhga bo‘lingan holda bahslashdi. Qiziqarli kechgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent viloyati, Xorazm va Sirdaryo viloyatining talaba-sportchilar jamoasi yarim finalga yo‘l oldi.
Yarim finalda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti jamoasi va Toshkent viloyatining O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti jamoalari muvaffaqiyatga erishib, finalda ro‘baro‘ keldi.

Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida o‘tgan final o‘yinida Urganch davlat universiteti jamoasi g‘oliblikni tantana qildi. O‘z navbatida 2-o‘rin Toshkent viloyati, 3-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi talaba-futbolchilar jamoasiga nasib etdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA