Futbol xabarlari
Jahon futbolida yangi mavsum oldidan qizg‘in jarayonlar davom etmoqda. Saudiya Arabistonida yangi mavsum bahslari boshlansa, Ispaniya Superkubogining manzili o‘zgarishi ma’lum qilindi. Shuningdek, Erling Holandning navbatdagi rekordlari rasman e’tirof etildi. O‘zbekiston OFKning ikki asosiy klub musobaqasida uch jamoa bilan ishtirok etadi.
Angliya Superkubogi Kardiffda o‘tkaziladi
16-avgust kuni Angliyaning amaldagi chempioni «Arsenal» va mamlakat kubogi sohibi «Manchester Siti» jamoalari Angliya Superkubogi uchun bahs olib boradi. Yangi mavsumning ilk rasmiy uchrashuvi Londondagi «Uembli» stadionida emas, Kardiff shahridagi qariyb 74 ming muxlisga mo‘ljallangan «Millenium» arenasida o‘tkaziladi. Uchrashuv 2006-yildan buyon mazkur stadionda o‘tkaziladigan birinchi Superkubok bahsi bo‘ladi.
Saudiya Arabistonida yangi mavsum boshlandi
Saudiya Arabistoni chempionatida yangi mavsumning dastlabki uchrashuvlari o‘tkazildi. «Abha» «Al-Hazm»ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, «Al-Ahli» «Al-Diriyah»ni 1:0, «Al-Qodisiya» esa «Al-Shabob»ni 3:1 hisobida yengdi.
Ispaniya Superkubogi Turkiyaga ko‘chiriladi
2027-yilgi Ispaniya Superkubogi bahslari Saudiya Arabistonida emas, Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkaziladi. Turnir 2–7-fevral kunlariga belgilangan bo‘lib, unda «Barselona», «Real», «Atletiko» va «Real Sosedad» jamoalari sovrin uchun kurash olib boradi.
Holandning rekordlari Ginnes kitobidan joy oldi
«Manchester Siti» va Norvegiya terma jamoasi hujumchisi Erling Holandga Ginnes rekordlari kitobining to‘rtta sertifikati topshirildi. U Millatlar ligasi tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi, APLda 100 ta golga eng tez yetgan futbolchi, bir mavsumda eng ko‘p gol urgan futbolchi hamda Chempionlar ligasining bir uchrashuvida beshta gol urgan yagona futbolchi sifatida rekord o‘rnatgan.
O‘zbekiston OFK musobaqalarida uch jamoa bilan ishtirok etadi
2026/2027-yilgi mavsumda O‘zbekiston klublari Osiyo futbol konfederatsiyasining ikki asosiy musobaqasida ishtirok etadi. «Neftchi» va «Paxtakor» Elit Chempionlar ligasida, «Nasaf» esa ikkinchi darajali Chempionlar ligasida mamlakatimiz sharafini himoya qiladi. Qayd etish joiz, «Paxtakor» saralash bosqichida Iordaniyaning «Al-Hussayn» klubini 3:0 hisobida mag‘lub etib, asosiy bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Musobaqalar qur’asi 18-avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 13:00 da o‘tkaziladi.
«PSJ» sovrinlar bo‘yicha peshqadam
«PSJ» 2011-yildan buyon 43 ta sovrinni qo‘lga kiritib, Yevropa klublari orasida ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha peshqadamlik qilmoqda. Parij klubi hisobida ikki martadan Chempionlar ligasi va UEFA Superkubogi sovrinlari ham mavjud. Keyingi o‘rinlarda «Bavariya» — 33 ta, «Real» — 29 ta sovrin bilan bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA