Futbol: ustunlik bor, ammo g‘alaba yo‘q
Futbolda ba’zan bir ochko ham katta yutuq, ba’zan esa qo‘ldan chiqarilgan ikki ochko butun mavsum taqdiriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Zominda kechgan “Bunyodkor” — “So‘g‘diyona” uchrashuvida qayd etilgan 1:1 hisob jizzaxliklar uchun aynan shunday natijalardan biri bo‘ldi. Birinchi bo‘limda ustunlik, gol va g‘alaba uchun qulay imkoniyatlar, ikkinchi bo‘limda esa raqib bosimi, orqaga chekinish va yana yo‘qotilgan ochkolar.
Eng e’tiborlisi, uchrashuvdan keyin bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoyev jamoaning ikkinchi bo‘limdagi holatiga izoh berar ekan, muhim bir e’tirofni bildirdi: “Bizga jismoniy kuch yetishmadi, oxirida charchab qoldik”.
Bu gapni oddiy izoh sifatida qabul qilish mumkin. Ammo chempionatning hal qiluvchi qismiga kirib borayotgan jamoa uchun bunday e’tirof jiddiy savollarni ham keltirib chiqaradi. Nega futbolchilar o‘yinni oxirigacha bir xil sur’atda davom ettira olmayapti? Nega hisobda oldinga chiqish g‘alabani kafolatlamaydi? Va, eng muhimi, avval ham kuzatilgan xatolardan qanday xulosa chiqarilmoqda?

Superliganing 24-turidagi mazkur uchrashuv «Bunyodkor» stadioni maydoni talabga javob bermagani sabab Zominda o‘tkazildi. Qizig‘i, jamoalar birinchi davrada ham shu maydonda to‘qnash kelishgan, o‘shanda “So‘g‘diyona” ikki gol farqi bilan oldinda borayotib, 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Bu safar esa jizzaxliklar g‘alabani saqlab qolishga yaqin keldi-yu, yana so‘nggi daqiqalarda ochko yo‘qotdi.
Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari birinchi bo‘limni faol va tajovuzkor o‘tkazdi. Raqibga bosim uyushtirdi, xavfli vaziyatlar yaratdi. 19-daqiqada Samandarjon Mavlonqulovning bosh bilan yo‘llagan zarbasini darvozabon Abdumavlon Abdujalilov qaytardi. 28-daqiqada esa Javohir Qahramonovning o‘ng qanotdan uzatgan to‘pini Mavlonqulov bosh bilan darvozaga yo‘llab, hisobni ochdi – 1:0.
Birinchi bo‘limdan keyin “So‘g‘diyona”ning g‘alabaga erishishi uchun yetarlicha asos bor edi. Biroq futbol faqat yaxshi boshlangan 45 daqiqadan iborat emas. U butun uchrashuv davomida kuch, intizom, taktik barqarorlik va vaziyatga mos qarorlar qabul qilishni talab etadi.
“So‘g‘diyona” esa ikkinchi bo‘limda aynan shu jihatlarda qiynaldi.

Tanaffusdan keyin “Bunyodkor” faollashdi. Ivan Boshkovich boshchiligidagi jamoa tashabbusni o‘z qo‘liga olib, hujumlarni kuchaytirdi. 60-daqiqada bir yo‘la uch nafar futbolchining almashtirilishi ham mezbonlarning o‘yinni o‘zgartirishga bo‘lgan intilishini ko‘rsatdi.
“So‘g‘diyona” esa tobora ko‘proq himoyalanishga majbur bo‘ldi. Matbuot anjumanida Baqoyevdan ikkinchi bo‘limda jamoa taktik sxemasini o‘zgartirgan-o‘zgartirmagani so‘raldi. Murabbiy sxema o‘zgarmaganini, ammo futbolchilar ayrim vaziyatlarda oldinga ko‘tarilish o‘rniga orqaga qaytishni boshlaganini aytdi.
“Maydon chetidan baqirib tushuntirish qiyin, kimdir eshitadi, kimdir uzoqda” dedi u.
Bu izohning o‘zi ham o‘ylashga majbur qiladi. Agar jamoa belgilangan taktik rejadan chetga chiqayotgan bo‘lsa, murabbiyning ko‘rsatmalari maydonda qay darajada bajarilmoqda? O‘yinchilarning o‘zaro tushunish darajasi, maydondagi mas’uliyati va vaziyatga mos harakat qilish qobiliyati yetarlimi?
Albatta, har bir taktik ko‘rsatmani maydon chetidan yetkazish oson emas. Lekin professional jamoa faqat murabbiyning ovozini eshitib harakat qiladigan futbolchilardan iborat bo‘lmasligi kerak. O‘yinchilar vaziyatni mustaqil baholashi, sheriklarini tushunishi va jamoaviy rejadan chetga chiqmasligi ham muhim.
Baqoyevning aytishicha, “Bunyodkor” faollashganidan keyin hisobni saqlab qolish uchun o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Biroq 83-84-daqiqalardagi almashtirishlar ham kutilgan samarani bermadi. 84-daqiqada Lyupcho Doriyev va Samandarjon Mavlonqulov maydonni tark etdi. Hujumdagi muhim futbolchilarning chiqarilishi jamoaning qarshi hujumlar orqali raqib bosimini kamaytirish imkoniyatini ham cheklashi mumkin edi.
Bu qarorni faqat natijaga qarab noto‘g‘ri deb baholash adolatdan bo‘lmaydi. Ammo uning samaradorligi haqida savol berishga asos bor: “So‘g‘diyona” g‘alabani saqlash uchun himoyaga tayandi, lekin raqibni jilovlash va o‘yin nazoratini qaytarishning boshqa yo‘llarini topa oldimi?

Murabbiyning “oxirida charchab qoldik” degan e’tirofi maqolamizning eng muhim nuqtalaridan biri bo‘lishi kerak. Chunki gap birgina uchrashuvning oxirgi daqiqalari haqida emas, balki takrorlanayotgan natijalar haqida ketmoqda.
OKMK bilan bahsda ustunlikni saqlab qolishdagi muammolar, “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinda hisobda oldinda bora turib mag‘lub bo‘lish va endi “Bunyodkor” bilan uchrashuvda g‘alabani qo‘ldan chiqarish – bularni bir-biridan uzilgan tasodiflar sifatida ko‘rish qiyin.
Albatta, mavjud ma’lumotlar asosida jamoaning jismoniy tayyorgarligi past, deb qat’iy xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Buning uchun futbolchilarning jismoniy ko‘rsatkichlari, mashg‘ulot jarayoni va o‘yin davomidagi yuklamalarini tahlil qilish zarur. Biroq bosh murabbiyning o‘zi charchoqni ochiq tan olayotgan ekan, bu masala mutaxassislar tomonidan jiddiy o‘rganilishi kerak.
Nega jamoa uchrashuvning hal qiluvchi qismida kuchsizlanadi? Futbolchilar kuchini noto‘g‘ri taqsimlayaptimi? Almashtirishlar kech amalga oshirilyaptimi? Yoki jismoniy holat bilan bir qatorda ruhiy bosim ham o‘z ta’sirini ko‘rsatyaptimi?
Bular javobsiz qolishi mumkin bo‘lmagan savollardir.
86-daqiqada Amir To‘raqulovning burchakdan uzatgan to‘pini Matiya Krivokapich bosh bilan darvozaga yo‘llab, hisobni tenglashtirdi – 1:1. Bu gol «Bunyodkor»ning ikkinchi bo‘limdagi faolligi natijasi bo‘ldi. Ammo “So‘g‘diyona” uchun bu yana bir bor g‘alabani saqlab qolish borasidagi muammolarni yuzaga chiqargan zarba edi.

Murabbiyning o‘zi ham jamoada natijalarning beqarorligini tan oldi: “Yoki biz ketma-ket 3-4 ta o‘yinda g‘alaba qozonamiz yoki 3-4 ta o‘yinda yuta olmaymiz”.
Bu gap jamoaning yana bir muammosini ko‘rsatadi. Natijalarning bunday keskin o‘zgarib turishi nimadan dalolat beradi? Barqaror o‘yin uslubi shakllanmaganidanmi, tarkib imkoniyatlarining cheklanganidanmi yoki jamoa ruhiyatidagi beqarorlikdanmi? Sabablar turlicha bo‘lishi mumkin, ammo ularni aniqlash va yechim topish murabbiylar shtabi zimmasidagi vazifadir.
Matbuot anjumanida “So‘g‘diyona”ning yosh futbolchilari va klub akademiyasi masalasi ham ko‘tarildi. Baqoyevning ta’kidlashicha, “Bunyodkor”da har bir pozitsiya uchun Superliga darajasida o‘ynay oladigan bir nechta futbolchi tayyorlash imkonini beradigan akademiya tizimi mavjud. “So‘g‘diyona” esa akademiyani 2-3 yil oldin tashkil qilgani, uning samarasi uchun yana vaqt kerakligi aytildi.
Bu fikrda mantiq bor. Yosh futbolchilarni tayyorlash, ularga tajriba berish va asosiy jamoaga olib kelish bir necha yillik mehnatni talab etadi. Ammo akademiyaning kelajakda samara berishi bugungi jamoaning kamchiliklarini muhokama qilish zaruratini bekor qilmaydi.

Chempionatning yakuniga olti tur qolgan bir paytda har bir ochkoning qiymati ortib boradi. Oldinda “Nasaf”, “Paxtakor” va “Navbahor” kabi jiddiy raqiblar bilan bahslar turibdi. Bunday uchrashuvlarda hisobda oldinga chiqishning o‘zi kamlik qilishi, oxirgi daqiqalardagi birgina xato ham qimmatga tushishi mumkin.
“Bunyodkor” bilan durangdan keyin “So‘g‘diyona”ning oldida oddiy vazifa emas, balki bir-biri bilan bog‘liq bir nechta muammoni hal qilish zarurati turibdi: jismoniy holatni yaxshilash, taktik intizomni mustahkamlash, o‘yin oxiridagi qarorlarni to‘g‘ri qabul qilish va futbolchilarning g‘alabani saqlab qolish qobiliyatini oshirish.
Baqoyev matbuot anjumanida keyingi uchrashuv – “Andijon”ga qarshi bahsda yaxshi va agressiv futbol kutayotganini aytdi. Bu, albatta, yaxshi niyat. Ammo muxlislar va mutaxassislar uchun asosiy mezon niyat emas, uning maydonda qanday namoyon bo‘lishidir.
Zomindagi 1:1 hisobini oddiy durang deb qabul qilish qiyin. Bu “So‘g‘diyona” uchun navbatdagi ogohlantirish. Jamoada salohiyat bor, ammo salohiyatning o‘zi ochko olib kelmaydi. Fidoyilik, yaxshi birinchi bo‘lim va murabbiyning ishonchli gaplari ham muammolarni o‘z-o‘zidan bartaraf etmaydi.
Endi eng muhim savol shu: “So‘g‘diyona” bu safar ham o‘tkazib yuborilgan golni charchoq va futbolning tabiiy jarayoni bilan izohlab qo‘ya qoladimi yoki takrorlanayotgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun aniq choralar ko‘radimi?
Chunki g‘alabani qo‘lga kiritish qanchalik muhim bo‘lsa, uni oxirigacha saqlab qolish ham shunchalik muhim. “So‘g‘diyona” uchun esa bu saboqni o‘zlashtirish vaqti allaqachon kelgan.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri