FUTBOL: “Nasaf”ga nima bo‘ldi?
OFK va O‘zbekiston Kubogi sohibi, milliy chempionatimizning ko‘pkarra sovrindori “Nasaf”ning bugun o‘rtamiyonalar safida borayotganligiga “ko‘z o‘rganmayapti”.
OFK va O‘zbekiston Kubogi sohibi, milliy chempionatimizning ko‘pkarra sovrindori “Nasaf”ning bugun o‘rtamiyonalar safida borayotganligiga “ko‘z o‘rganmayapti”.
Superliganing uch kun davomida o‘tkazilgan 15-tur o‘yinlari nihoyasiga yetdi. Birinchi o‘yinda “Navbahor” o‘z maydonida “Qo‘qon-1912”ni 3:0 hisobida mag‘lub etgandi, ikkinchi uchrashuvda ham mezbonlar zafar quchishdi.
Navoiyda kechgan “Qizilqum” va “So‘g‘diyona” jamoalari o‘rtasidagi teng kurashlar ostida kechgan bahsda maydon egalari muvaffaqiyat qozonishdi. Kechagi to‘rtta uchrashuv ham keskinligi, shiddatli va albatta, kutilmagan natijalari bilan boshqalaridan ajralib turdi. E’tiborli jihati, to‘rt o‘yindan uchtasida durang natija qayd etildi. Taajjubli tomoni, uchta o‘yinda hisobni mehmonlar ochishgan, hisobda oldinda borishayotgan edi.
“Buxoro” – “Bunyodkor” bahsida “qaldirg‘ochlar” vakili Shahzodbek Nurmatov hisobni ochgandi, biroq Mirjalol Qosimov shogirdlarining xursandchiliklari uzoqqa cho‘zilmadi, besh daqiqa o‘tar-o‘tmas, mezbonlar hisobni tenglashtirishdi. “Buxoro” hatto hisobda oldinga ham chiqib oldi, ammo Shahzodbek yana gol kiritib, jamoadoshlarini mag‘lubiyatdan saqlab qoldi.
“Lokomotiv” – AGMK uchrashuvida ham gol urish birinchi bo‘lib mehmonlarga nasib etdi. Yovan Jokichning goli, o‘n daqiqa o‘tib ahamiyatini yo‘qotdi – Marat Bikmayev penaltidan hisobni tenglashtirdi. Ko‘p o‘tmay Nivaldo jamoadoshlarining g‘alabasini ta’minlovchi golga mualliflik qildi.
Ayniqsa, durang natija “Nasaf” futbolchilariga alam qildi. Boisi Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari birinchi bo‘lim yakuniga ko‘ra ikkita to‘p farqi bilan oldinda borishayotgan edi. Dragan Cheran penaltidan hisobni ochgan bo‘lsa, mezbonlar vakili Zabixillo O‘rinboyev ham durangga sababa bo‘luvchi jamoadoshlarining ikkinchi golini aynan penaltidan kiritdi. Alam qilgani, penalti uchrashuvning qo‘shib berilgan daqiqalari so‘nggisida yuz berdi. Tabiiyki, iqtisodiy qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan “Nasaf” uchun qiyinchilik bilan erishilayotgan g‘alabani qo‘ldan chiqarish futbolchilar ruhiyatiga ta’sir etdi.
Turning so‘nggi o‘yini “Neftchi” va “”Paxtakor” uchrashuvi va unda qayd etilgan durang natija ham ko‘pchilikni befarq qoldirmadi. Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarigacha jamoalar raqiblar darvozasiga yo‘l topa olishmayotgandi. O‘yin tugashiga atigi ikki daqiqa qolganida mezbonlar yetakchisi Anvar Berdiyev mehmonlar darvozasini ishg‘ol eta oldi. Ikki-uch daqiqa himoya mustahkam bo‘lganida “Neftchi” g‘alaba qozongan, garchi uch ochko ularning turnir jadvalidagi o‘rniga ijobiy ta’sir ko‘rsatmasa-da, futbolchilariga ancha dalda bo‘lar edi. Biroq bosh hakam qo‘shib bergan daqiqalarning so‘nggi soniyalarida mehmonlar hujumchisi Tiago Bezerra gol kiritib, jamoadoshlari uchun g‘alabaga teng bo‘lgan durangni ta’minladi.
Shu tariqa jamoalar Jahon chempionati munosabati bilan tanaffusga chiqdilar. Xabaringiz bor, chempionatning 14-turi milliy terma jamoamizning Urugvayga safari sabab qoldirilgan edi, mazkur tur kechroq muddatda o‘tkaziladi.
Ayni paytda “Paxtakor” 30 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda borayotgan “Navbahor”da 27, “Bunyodkor”da esa 26 ochko bor. Kuchli o‘nlikda quyidagi jamoalar joylashgan: “Buxoro” 25 ochko, “Lokomotiv” 22 ochko, “Metallurg” 20 ochko, “Nasaf” 18 ochko, “Qizilqum” 16 ochko, “Qo‘qon-1912” 15 ochko va AGMK jamoasida 13 ochko mavjud. Autsayderlar chegarasida esa “So‘g‘diyona” 12 ochko bilan, “Neftchi” 6 ochko bilan joylashgan.
Oybek Yunusov