Fuqarolarning 79,5 million so‘m ish haqlari undirib berildi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekanligi mustahkamlangan.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq ushbu kodeksda ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lashi shartligi, mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanishi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emasligi ko‘rsatilgan.
Biroq ayrim ish beruvchilar ishchi-xodimlarning ish haqlarini o‘z vaqtida bermasligi oqibatida ishchi-xodimlarning huquqlari buziladi.
Bunday hollarda sudlar tomonidan ishchi-xodimlarning ish haqlarini undirish to‘g‘risida qonuniy qarorlar qabul qilinib, ijrosini ta’minlash Majburiy byuro organlari zimmasiga yuklatiladi.
Byuro organlari ish yurituvidagi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni undirish haqidagi sud qarorlari ijrosini ta’minlash doimiy nazorat olingan.
Jumladan, FIB Farg‘ona tumanlararo sudining 2024 yil 22 yanvardagi qaroriga asosan qarzdor "R.N.” UK dan da’vogarlar Sh.I., O.N. va M.D.lar foydasiga jami 79.495.111 so‘m ish haqi undirish haqidagi ijro hujjati Byuroning Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan ijroga qaratilib, qarzdorga ixtiyoriy muddat berilgan.
Qarzdor sud qarori ijrosini ta’minlash chorasini ko‘rmagach, Byuro tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida 2024 yilning 24 iyul kuni qarzdordan 79.495.111 so‘m ishchilarning oylik ish haqlari undirilib, bank plastik kartalariga o‘tkazib berilishi ta’minlandi. Shunday qilib, fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi va ijro ishi amalda tamomlandi.
O‘zA