Fuqarolar murojaatlariga qanday yechim topilmoqda?
“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda jamiyat tomonidan 2026-yilning to‘qqiz oyi davomida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlandiki, fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularda ko‘tarilgan muammolarni o‘rganish va samarali yechim topish jamiyat faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda tizim korxonalarida ishchi-xodimlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlarini o‘rganish, ularning muammolarini aniqlash va bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hisobot davrida tasdiqlangan reja asosida 9 ta sayyor qabul tashkil etildi. Ularda fuqarolar va ishchi-xodimlarning taklif hamda muammolari bevosita joyida o‘rganilib, ularni hal etish choralari ko‘rildi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning to‘qqiz oyida jamiyatga jami 160 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 30 tasi ijobiy hal etilgan, 130 tasi bo‘yicha murojaatchilarga tushuntirishlar berilgan.
Shuningdek, Xalq qabulxonasi va boshqa virtual qabulxonalar orqali 45 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 17 tasi ijobiy hal etilgan, 25 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan. Bir murojaat tegishli tashkilotga yo‘naltirilgan, yana ikki murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirishlar taqdim etilgan.
Brifingda qayd etilganidek, murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish, ularda ko‘tarilgan masalalarga mas’uliyat bilan yondashish hamda murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, onlayn platformalar asosida murojaat yuborish imkoniyatlari fuqarolar uchun qulaylik yaratib, ushbu jarayonning samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA