Fuqaro xavfli jinoyatchini qo‘lga olishda ko‘maklashdi (+video)
Bugun ichki ishlar organlari nafaqat tartib posboni, balki xalqning chinakam ko‘makchisi va yaqin maslahatchisiga, tizim esa yanada xalqchil tuzilmaga aylanib bormoqda. Amalga oshirilayotgan ochiqlik va shaffoflik tamoyillari ichki ishlar organlari xodimlari va oliyjanob xalqimiz o‘rtasida mustahkam ishonch ko‘prigini yaratmoqda. Eng muhimi yurtdoshlarimiz jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda shunchaki kuzatuvchi emas, balki soha xodimlarining yaqin va faol hamkori sifatida o‘z fuqarolik pozitsiyalarini namoyish etmoqda.
Joriy yilning 23-aprel kuni soat taxminan 09:30.larda Navoiy viloyati Karmana tumani Kalovat mahallasi hududida noma’lum shaxs oshxona pichog‘i bilan qurollangan holda hududdagi xonadonlardan biriga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, hovli egalarining biriga tan jarohati yetkazib, o‘ldirish bilan tahdid qiladi. Shundan so‘ng, jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan tilla taqinchoqlarni bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, voqea joyidan yashirinadi.

Mazkur voqeadan xabar topgan viloyat IIB xodimlari tomonidan darhol keng ko‘lamli tezkor-qidiruv tadbirlari boshlab yuborilib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Har bir iz, har bir dalil sinchiklab o‘rganildi. Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mazkur jinoyatni 1969-yilda Konimex tumanida tug‘ilgan, muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi va 169-moddasi 4-qismi bilan sudlangan M. O‘. tomonidan sodir etilganligi gumon qilinib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilindi.

Ko‘p o‘tmay, olib borilgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini beradi va 25-aprel kuni soat taxminan 16:00.larda Navbahor tumani Navkar mahallasida yashovchi 23 yoshli fuqaro Suhrob Muzaffarovning fuqarolik burchiga vijdonan yondashib, ko‘rsatgan jonbozligi natijasida o‘ta xavfli retsidivist daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi. Ilgari ham bir necha bor qonunni buzib, xulosa chiqarmagan shaxsning qo‘lga olinishida aynan Suhrob Muzaffarovning hushyorligi hal qiluvchi rol o‘ynadi. Natijada esa yana bir mudhish jinoyatning oldi olindi.
– Navoiy shahridan Navbahor tumaniga o‘z yashash uyimga qaytayotgan vaqtimda yo‘l chekkasida turgan odamni mashinamga mindirdim, – deydi Suhrob Muzaffarov. – Telefonimda ikki soatlarcha oldin relsda uni ko‘rgandim. Uning jinoyat qilib, qidiruvda ekanligini sezdim. Darhol 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qildim. Foydam tekkanidan xursandman.

E’tiborlisi, ushbu jarayonda Suhrob singari boshqa fuqarolarning ham faol ishtiroki, ularning yon-atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga nisbatan befarq emasliklari yana bir bor o‘z so‘zini aytdi. Aynan shunday hamjihatlik va fuqarolik mas’uliyati jinoyatchilikka qarshi kurashda eng katta kuchdir.
Shu munosabat bilan fuqaro Suhrob Muzaffarovga jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, dovyurakligi, faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etganligi uchun viloyat huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari tomonidan tashakkurnoma hamda va’da qilingan 10 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti tantanali ravishda topshirildi.

Bu voqea shunchaki jinoyatchining qo‘lga olinishi emas, balki o‘zaro jipslik va yon-atrofdagi voqea hodisalarga bo‘lgan yuksak e’tibor va hushyorlikning g‘alabasidir.
Zero, jamiyat xavfsizligini ta’minlash va xavfsiz muhitni yaratish faqatgina mas’ul idoralarning vazifasi emas, balki shu yurtda yashayotgan, har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Osoyishtalik bor joyda baraka bo‘ladi, jipslik va hushyorlik bor joyda esa jinoyat va huquqbuzarliklarga o‘rin qolmaydi.
Maqola Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri