Frontorti mehnat faxriylari sharaflandi
Xotira va qadrlash kuni qadriyatlarimiz sahifasida o‘zining munosib o‘rniga ega. Bu sana o‘tmishu kelajak va bugunimiz o‘zaro uchrashadigan muqaddas nuqtadir. Shuning uchun ham mamlakatimiz ahli bu hayajonli lahzalarni puxta taraddud, o‘zgacha tayyorgarlik bilan kutib olayotgani bejiz emas.
Nafaqat markazda, balki olis sarhadlarda ham bayram shukuhi kezayapti. Kuni kecha Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida Ikkinchi jahon urushi yillaridagi frontorti mehnat fahriylarining munosib sharaflangani buning yaqqol misolidir.Urush yillarida mehnat frontida mislsiz fidoyilik ko‘rsatgan, g‘alabaga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan qo‘shrabotlik 22 nafar nuroniy otaxon va onaxon Prezident farmoniga binoan ta’sis etilgan “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali bilan taqdirlandi.
Mukofotlanganlarning aksariyati ayni choqda 100 yoshni qarshilayotgan mo‘’tabar keksalardir. Binobarin, urush yillarida front ortidagi barcha ishlar balog‘atga yetmagan yoshlar va o‘smirlar, xotin-qizlarga qolgan edi. Qurol ushlashga qodir bo‘lgan erkaklarning bari urushga safarbar qilingan kezda frontga jangovar texnika, qurol-yarog‘, o‘q-dori va oziq-ovqat yetkazib berish shular zimmasiga tushgan. Shu nuqtai nazardan qaralsa, bu avlodning g‘alabaga qo‘shgan hissasi va ahamiyati butun bo‘y-basti bilan ko‘rinadi.
–Urush yillari 16 yoshda edim,– deb eslaydi Boyto‘p fuqarolar yig‘inida yashovchi 97 yoshli nuroniy otaxon Hamro hoji Suyarov.– Mendan katta yoshdagi qishloqdoshlarim urushga ketishdi, men esa traktorchi bo‘ldim. Kechayu kunduz ishlar edik, chunki yer maydoni ko‘p, traktor esa ikki dona edi, xolos. Hosilot boshimizda nazoratchi, bir-ikki soatgina mizg‘ib olardik. Biz yetishtirgan g‘alla paydar-pay jo‘natilardi. Hamma narsa front uchun, hamma narsa G‘alaba uchun, degan shior hamon yodimda turibdi. O‘sha kezlarda ko‘rgan -kechirgan qiyinchiliklarimiz rohatini endi ko‘ryapmiz, Yurtboshimizga beadad rahmatlar aytamiz!
–Men o‘roqchi bo‘lganman, bug‘doy o‘rardik,– deydi Mayintepa fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 96 yoshli Nahal momo Sindorova mukofot bilan tabriklashga kelgan mehmonlarga esdaliklarini so‘zlar ekan. – Qiyinchilikni biz ko‘rdik, ilohim sizlar ko‘rmanglar...
Onaxonning yoshi ulug‘ bo‘lsada, hali so‘zlari aniq, fikrlashi tiniq.Urushdan keyingi yillarda 10 farzandni voyaga yetkazib “Qahramon ona” unvoniga sazovor bo‘lgan. Bugungi dorilomon kunlar va farzandlari kamolidan boshi osmonda.
Sakson yil ilgari Ikkinchi jahon urushi davrida front ortida qilingan mehnatning bugungi kunda qadr topishi hech kim va hech narsa unutilmasligining namunasidir. Qo‘shrabot tumanida nuroniy otaxon va onaxonlarga esdalik yubiley medallari va pul mukofotlarini tantanali topshirish chog‘ida mahalliy hokimiyat va nuroniylar tashkiloti rasmiylari, mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Suratlarda: “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali sohibi Hamro hoji Suyarov. “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali sohibi, “Qahramon ona” Nahal Sindorova.
Norbobo Shakarov, O‘zA