Fransuz muxolifatchisi Trampning Putinni G20 sammitiga taklif qilish qarorini olqishladi (+video)
Vladimir Putinning Mayamida dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga taklif qilinishi G‘arbda Rossiyaga nisbatan yagona qarash mavjudligi haqidagi tasavvurni butunlay barbod qildi, deb yozdi “Politico” nashri.
Fransiya muxolifati yetakchisi, o‘ng radikal kuchlar vakili Marin Le Pen bu qadamni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlab, Kiyevni moliyalashtirishni to‘xtatish va xavfli keskinlashuvga barham berishga chaqirdi.
– Bu qonli mojaroni tugatishga qaratilgan har qanday tashabbusni olqishlash kerak, – dedi u Rossiya – Ukraina mavzusiga to‘xtalar ekan. Avvalroq siyosatchi Emmanuel Makronni Moskva bilan muzokarani qayta boshlash uchun yetarli darajada harakat qilmayotgani uchun tanqid qilgan edi.
Muxolif 2027-yilgi prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan taqdirda Fransiya Ukrainaga ko‘rsatayotgan har qanday moliyaviy yordam cheklanishini bildirdi. Shu bilan birga harbiy tayyorgarlik sohasidagi yordamni nazarda tutadigan ayrim shakldagi qo‘llab-quvvatlov saqlab qolinishini aytdi.
– Bugun Rossiya Ukrainaning harbiy texnika yetkazib berish vositalariga zarba bermoqda, – dedi Le Pen. – Vaziyat yanada keskinlashishi mumkin. Shuning uchun hozir mojaroga barham berish har qachongidan muhim.
Oq uy Putinni G20 sammitiga taklif qilishi AQSHning Moskvani xalqaro diplomatik maydonga qaytarishga qaratilgan navbatdagi urinishi sifatida baholanyapti. RF Prezidenti 2019-yildan beri birinchi marta ushbu anjumanda shaxsan ishtirok etishi mumkinligi haqidagi qaror allaqachon turli qarama-qarshi fikrlar keltirib chiqardi. Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati rahbari, Ukrainani qat’iy qo‘llab-quvvatlovchi Kaya Kallas CNN telekanaliga bergan intervyusida “bunday xabarni eshitish menga juda yoqimsiz” deya ta’kidladi.
Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, (video) O‘zA