Fransiyada suv tanqisligi kuchaydi: 70 foiz hududda cheklov
Fransiyada qurg‘oqchilik kuchayib, mamlakat hududining qariyb 70 foizida suvdan foydalanish cheklandi. 9-avgust holatiga ko‘ra, mamlakatdagi 101 departamentning 67 tasida eng yuqori inqiroz darajasidagi ogohlantirish e’lon qilingan. Bu hududlarda suv asosan ichimlik ta’minoti, tibbiyot, fuqaro muhofazasi va sanitariya ehtiyojiga ajratilmoqda.
So‘nggi uch oydagi bir necha kuchli issiq to‘lqin vaziyatni yana og‘irlashtirdi. Iyul oyi Fransiya tarixidagi eng issiq oy bo‘ldi: yog‘ingarchilik miqdori me’yordan qariyb 70 foiz kamaydi. Geologiya va konchilik tadqiqoti byurosi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan yer osti suv zaxirasining uchdan ikki qismi odatiy ko‘rsatkichdan pastga tushgan.
Cheklov darajasi suv tanqisligiga qarab farqlanadi. Eng og‘ir holatdagi hududlarda suv faqat ustuvor ehtiyojga beriladi. Boshqa hududlarda esa bog‘ sug‘orish, hovuz to‘ldirish, avtomobil yuvish va qishloq xo‘jaligi ekinini sug‘orish cheklangan. Ekologiya vaziri Monik Barbyu ma’lum qilishicha, ayrim hududlarda suv yetishmovchiligi allaqachon 30 000 dan ko‘p odamga ta’sir qilgan. Ularga suv avto sisterna yoki maxsus idishda yetkazilmoqda.
Hukumat chorshanba kuni qurg‘oqchilik bo‘yicha inqiroz yig‘ilishi o‘tkazadi. Ayni payt mamlakat janubi-sharqida harorat 35 darajagacha ko‘tarilishi kutilyapti. Qurg‘oqchilik Fransiyada nafaqat ekologik, balki siyosiy masalaga ham aylanmoqda. Zaxirani boshqarish usullari prezidentlik saylovi oldidan muhokama qilinayotgan asosiy mavzuga aylanib, siyosatchilar suv tanqisligiga qarshi turli takliflar ilgari surmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA