Fransiya tarixiga oid monografiyalar taqdimoti
Buxoroda Rahmon Farmanov va Muazzamxon Farmonovaning o‘zbek tilidagi "Amir Temur va Imperator Napoleon" va "Napoleon Bonapart" kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mualliflarning ilgari mutaxassislar tomonidan yuqori baholangan monografiyalari mamlakatimiz tarixidagi Ikkinchi Uyg‘onish davrining qiziqarli va murakkab masalalariga bag‘ishlangan. Monografiya ikki davrning eng mashhur siyosiy rahbarlarining qiyosiy tahlili, G‘arb tarixining eng ko‘zga ko‘ringan shaxslaridan biri, zamonaviy Fransiya davlatining asosini qo‘ygan qo‘mondon va davlat arbobining shaxsiyati tahlilini o‘z ichiga oladi.
– Poytaxtimiz olimlarining kitoblari, ayniqsa, yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otadi, – deydi Buxoro davlat universiteti fakulteti dekani, fransuz filologiyasi bo‘yicha mutaxassis, professor Maloxat Jo‘rayeva. – Bu monografiyalar kutubxonalar uchun qimmatbaho boylik bo‘lib, talabalarning Fransiya tarixiga oid bilimlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Buxoro viloyati maktablari, kollejlari, litseylari, oliy o‘quv yurtlarida fransuz tili faol o‘rganilmoqda. Buxoro davlat universitetida Vatel turizm va mehmonxona boshqaruvi biznes-maktabining filiali ochilgan. Universitetda Fransiya tarixiga oid magistrlik dissertatsiyalari himoya qilinmoqda. Ushbu oliygohda ilk bor fransuz filologiyasi bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalarni himoya qilish boshlandi. Buxoro vohasida fransuz arxeologik ekspeditsiyasi ishlamoqda.
Katta Parij megapolisining muhim shahri bo‘lgan Ryuey-Malmezon Buxoro bilan birodarlashgan shahar ekanligi ham ma’lum. Ikki shaharda ko‘rgazmalar, o‘z mamlakatlarining sayyohlik salohiyati va madaniy merosi taqdimotlari, delegatsiyalar almashinuvi va ishbilarmon doiralar o‘rtasida muntazam muloqot o‘tkaziladi.
2019 yil aprel oyida Ryuey-Malmezon markaziy bog‘ida "O‘zbek bog‘i" ochildi. Uning hududida buyuk qomusiy olim Abu Ali ibn Sino haykali o‘rnatildi. 2021 yilda Navro‘z bayrami paytida bu bog‘da o‘zbek dasturxonining asosiy shirin bezagi bo‘lgan anor ko‘chatlari ekilgan.
Yuqorida tilga olingan o‘zbek mualliflarining tarixga oid kitoblarining nusxalari Ryuey-Malmezon shahar hokimligiga yuborilgan.
Zarif Komilov, O‘zA