Fransiya elchisi institutda bo‘ldi
Fransiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Ualid Fuk Andijon davlat chet tillari institutida bo‘ldi. Oliy martabali mehmonni institut rektori, professor Dilshodbek Rustamov boshchiligida institut jamoasi samimiy kutib oldi.
Tashrif davomida Fransiya elchisi institut faoliyati, ta’lim jarayonlari hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shuningdek, tomonlar o‘rtasida istiqbolli hamkorlik bo‘yicha muloqot va muzokara ham o‘tkazildi.


Muloqotda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida savdo, iqtisodiy, madaniy, ayniqsa, ta’lim sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, talabalar va o‘qituvchilar tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, Fransiya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.


Mehmonlar institutda xorijiy tillar, xususan, fransuz tilini o‘rganish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv xonalari bilan tanishdi. Elchi yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholab, talabalarning fransuz tilini o‘rganishga ishtiyoqi yuqori ekanligidan mamnunligini bildirdi.
Ushbu tashrif institutning xalqaro aloqalarini kengaytirish, xorijiy hamkorlikni rivojlantirish hamda talaba-yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar eshigini ochishga zamin yaratdi.
F.Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.