“Franklin Templeton” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv xususida
Nyu-York shahrida tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Amerikaning “Franklin Templeton” investitsiya kompaniyasi vakillari bilan muzokara o‘tkazdi.
AQSH investorlariga Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayoni, mamlakatimizning turli sohalardagi yutuqlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Respublikada xorijiy investitsiyani qo‘llab-quvvatlash tubdan yaxshilash, bu borada yangi tizim yaratish, xorijiy tadbirkorlarga imtiyozlar berish, bank-moliya sektorini rivojlantirish, xususiylashtirish jarayonini jadallashtirish, infratuzilma qurilishi, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratilayotganiga urg‘u berildi.
"Franklin Templeton" vakillari taqdim etilgan ma’lumot uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston tomonining ochiqlik va biznes sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash siyosatiga sodiqligini yuqori baholadilar. Kompaniya tomonidan O‘zbekistondagi yirik davlat korxonalari va banklarini xorijiy investorlarni jalb qilgan holda xususiylashtirishga ko‘maklashish istiqboli ko‘rib chiqildi.
1947 yil tashkil etilgan “Franklin Templeton” xolding kompaniyasi individual investorlar, korporatsiya va moliya institutlariga keng qamrovli investitsiya va maslahat xizmatini taklif etadi. Xususiy, professional va institutsional investorlar nomidan umumiy qiymati 1.4 trillion dollarlik boshqaruv ostidagi aktivga egalik qiladi.
O‘zA