Fotoqopqon nigohidagi hayot
Fotoqopqon odam ko‘zi ilg‘amaydigan hayotni ko‘radi. Bu gal uning nigohiga Zomin tog‘lari bag‘rida hech kimga namoyish qilmaydigan bir olam — ona ayiq va uning ikki bolasi ilindi. Tabiatning eng go‘zal sahnalari shovqin ichida emas, aynan mana shunday jimjitlik bag‘rida tug‘iladi.
Tog‘lar ham gohida sukutga cho‘kadi. Shunday paytda hatto shamol ham daraxt shoxlarini asta silab o‘tadi. Qushlar ovozini pasaytiradi. Go‘yo butun borliq kimnidir kutgandek tuyuladi. Ana shu sukut bag‘ridan u chiqib keladi. Oldin ona ayiq... Ortidan esa hali dunyoning xavfu xatarini to‘liq anglab ulgurmagan ikki jajji bolasi.

Ular hech qayerga shoshilmaydi. Ona ayiqning har bir qadamida ehtiyotkorlik, har bir nigohida esa onalik hushyorligi mujassam. Bolalari esa uning ortidan xuddi soyasidek ergashadi. Ular uchun butun olam hozircha onasining izlaridan boshlanib, yana o‘sha yerda tugaydi. Mana shu lahzani inson ko‘zi emas, fotoqopqon nigohi tutib qoldi.

Jizzax viloyatidagi Zomin davlat qo‘riqxonasida o‘rnatilgan ushbu fotoqopqon yana bir noyob tabiat sirini ochdi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti tasarrufidagi qo‘riqxonada Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘ining bolalari bilan erkin harakatlanayotgani tasvirga muhrlandi.
Bu oddiy kadr emas. Bu — tog‘lar hali o‘z sohiblarini unutmaganining isboti.
Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i tog‘larning eng salobatli jonzodlaridan biri. Bo‘y-basti ikki metrdan oshib ketadi, vazni 200 kilogrammgacha yetadi. Uni birinchi marta ko‘rgan odam uning kuchiga mahliyo bo‘ladi. Ammo bu ulkan jonivorning kundalik dasturxoniga nazar tashlasangiz, uning tabiat bilan naqadar uyg‘un yashashini his qilasiz. Ildizlar, tog‘piyozchalari, rezavorlar, yovvoyi mevalar... Ayniqsa, tog‘ yonbag‘irlarida pishgan yovvoyi olmalar uning sevimli taomi.

Ayiq olmani yeydi. Ammo tabiat bundan ham o‘z hissasini oladi. Meva urug‘lari uning yo‘llari bo‘ylab yana yerga qaytadi. Bir necha yildan keyin o‘sha yerda yangi nihollar bosh ko‘taradi. Demak, ayiq faqat iste’mol qilmaydi, tog‘larning ertangi bog‘larini ham ekib yuradi.
Ona ayiqning mehrini esa so‘z bilan ta’riflash qiyin. Qishning eng sovuq kunlarida in bag‘rida dunyoga kelgan mitti bolalar bahor kelishi bilan birinchi marta quyosh nurini ko‘radi. Ilk qadam, ilk hid, ilk sharshara ovozi, ilk shamol... Ularning hammasini onasi o‘rgatadi. Bolalari uchun esa u nafaqat ona. U — hayotning o‘zi.

Shuning uchun ham xavf yaqinlashganini sezsa, ayiqning butun tabiati o‘zgaradi. Hozirgina osoyishta yurgan jonzod bir zumda bolalari yo‘lida jonini ham fido qilishga tayyor jangchi onaga aylanadi.
Fotoqopqon faqat suratga oldi, xolos. Ammo uning ob’ektivida muhrlangan shu bir necha soniyalik manzara odamga bir haqiqatni eslatadi: tabiatni asrash haqida eng ta’sirchan gaplar minbarlarda emas, tog‘lar qo‘ynida, ona ayiq bolasini ergashtirib yurgan ana shunday sokin lahzalarda aytiladi.

Bu suratdagi eng katta qahramon ayiqmi yoki shu tabiatni asrab qolgan insonmi, siz nima deysiz, aziz o‘quvchim?!.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri