Forsayt markazi yoshlarga nima beradi?
Jahon banki koʻmagida amalga oshiriladigan “Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini modernizatsiyalash” loyihasi tanlovida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti “Oʻzbekistonda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida oliy taʼlim tizimida masofaviy taʼlimni tashkil etish modeli va texnologiyasini ishlab chiqish” loyihasi bilan ishtirok etib, gʻolib boʻldi.
Jahon banki koʻmagida amalga oshiriladigan “Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini modernizatsiyalash” loyihasi tanlovida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti “Oʻzbekistonda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida oliy taʼlim tizimida masofaviy taʼlimni tashkil etish modeli va texnologiyasini ishlab chiqish” loyihasi bilan ishtirok etib, gʻolib boʻldi.
Umumiy qiymati 90 ming AQSH dollarni tashkil qilgan loyihada institut qoshida “Forsayt markaz” tashkil etish masalasi ilgari surilgan.
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida “Oʻzbekiston Oliy taʼlim tizimida innovatsion siyosat va forsayt texnologiyalar” mavzusida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy seminarda shu haqida soʻz bordi.
Forsayt markazi loyihasi doirasida qilingan va qilinayotgan ishlar, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi haqida fikr almashildi. Mamlakatimizdagi 10 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining maʼruzalari tinglandi.
– Prezidentimiz farmoni bilan “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” qabul qilingan va unda oliy taʼlim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, akselerator markazlarini tashkil etish orqali ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tahlil qilish va prognozlashtirish markazlari darajasiga olib chiqish haqida aytib oʻtilgan, – deydi loyiha muallifi, professor Oktyabr Rahimov. – Bizning yutugʻimiz shundaki, institutimizda shu yilning iyun oyidayoq Forsayt markazi tashkil etish haqida ichki buyruq chiqarilgan, mebel, kompyuter texnologiyalari bilan taʼminlash uchun 30 ming AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ ajratilgan. Bu shuni anglatadiki, institutimiz maʼmuriyati tomonidan bu borada avvalroq muhim qadam tashlangan va keyingi masala, koʻrsatilayotgan eʼtibor va yaratilgan sharoitlarga munosib boʻlish.
“Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini modernizatsiyalash” loyihasi tanlovida respublikamizdagi 83 ta OTMlar ishtirok etdi va 27 tasi gʻolib boʻldi. Ular orasida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti ham bor.
“Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” ijrosini taʼminlash toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimidagi innovatsion jarayonlarning tarixiy aspektlari”, “Kredit texnologiyalarining taʼlim samaradorligiga taʼsiri”, “Forsayt loyihalar va ularni yuzaga kelish tarixi” mavzuidagi maʼruzalar seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Asosiy eʼtibor konsepsiyaning oliy taʼlim tizimidagi mavjud qoidalar, ish yuritish va dars olib borish jarayonlariga kiritishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarga qaratildi. Yangilanish va oʻzgarishlar faqat va faqat oldinga boshlashi, kadrlar salohiyatini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.