Fizikaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan forum
Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Yadro fizikasi instituti, SamDU muhandislik fizikasi instituti hamkorligida “Fizika-2024” uchinchi xalqaro forumi boshlandi.
Materiya va koinotning tuzilishi, kondensirlangan holat fizikasi, amaliy fizika kabi bir qator yo‘nalishlarda hozirgi zamon tendensiyalari, dunyo miqyosida erishilgan yutuqlar bilan tanishish hamda halqaro ilmiy aloqalarni yanada ham kengaytirish maqsadida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimiz fizik olimlari va yosh tadqiqotchilar bilan birga AQSH, Ozarbayjon, Ruminiya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan 170 nafarga yaqin taniqli akademik va professor, fizika institutlari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Forumning ochilish marosimida Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xomurodov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Vladislav Xomich va boshqalar so‘zga chiqib, O‘zbekiston olimlari va mutaxassislarining fizikaning turli sohalarida amalga oshirayotgan ilmiy ishlari va ularning natijalariga e’tibor qaratdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida fizika fanining elementar zarrachalar fizikasi, yadro fizikasi, astronomiya, qattiq jismlar fizikasi, elekronika, optika, lazer fizikasi kabi soxalarida fundamental va amaliy ilmiy ishlar olib boruvchi bir qator ilmiy tekshirish institutlari faoliyat ko‘rsatadi. Jumladan, yadro fizikasi instituti nafaqat respublikamiz, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik ilmiy tekshirish maskani hisoblanadi. Institutning ilmiy bo‘linmalari va tadqiqot yadro reaktori, siklotron, elektron tezlatgichi, gamma qurilmasi va neytron generatori kabi noyob obyektlari bazasida hozirgi zamon fan va texnikasining istiqbolli yo‘nalishlarini qamrab olgan fundamental va amaliy izlanishlar olib boriladi. Institut dunyodagi salohiyatli ilmiy markazlar bilan aloqalar o‘rnatgan.
[gallery-17070]
– 23-25-aprel kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan mazkur fiziklar forumi an’anaviy bo‘lib, birinchi forum Toshkent shahrida Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida, ikkinchisi Namangan davlat universitetida o‘tkazilgandi va uchinchi forum uchun Samarqand tanlandi, – deydi Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sodiqov. – Bu bejiz emas, albatta. Chunki, mazkur universitetda fizika fani o‘qitilishi bilan birga ilmiy tadqiqotlar olib boriladi, yadro fizikasi laboratoriyasi faoliyat ko‘rsatadi va biz yaqin hamkorlikda ishlaymiz. Bu galgi forum ham fizika fanini rivojlantirish, ushbu fan sohasida jahonda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqoqot va amaliy ishlarni o‘rganish ham chet eldagi hamkasblarimiz bilan tajriba almashishga qaratilgan.
Forumga qadar uning dasturi va ma’ruzalar tezislari to‘plami nashr qilindi. Yalpi majlislarda 50 ta ma’ruza eshitilishi, poster majlislarda esa 80 dan ortiq ma’ruza muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
– “Fizika-2024” forumi Samarqandda tashkil etilganidan xursandmiz, tadbir tufayli bu qadimiy shahardagi keyingi yangilik va o‘zgarishlar bilan tanishyapmiz, – deydi Ozarbayjonning Radiatsiya muammolari instituti direktori Islom Mustafoyev. – Biz Samarqand davlat universiteti fizik olimlarining ilmiy tadqiqotlari, erishayotgan natijalarini ilmiy jurnallar, internet nashrlar orqali kuzatib boramiz.
Bugun esa ushbu ishlarni bajarayotgan ilmiy xodimlar bilan uchrashish, ular bilan tajriba almashish imkoniyati yaratildi. Umuman, O‘zbekistonda yadro fizikasi bo‘yicha katta tajriba to‘plangan va bu borada hamkorlikda ishlash barchamiz uchun foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Forum davomida fizik olim va mutaxassislarning ilmiy izlanishlarida kooperatsiya masalasi ham muhokama qilinadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari