Fitrat maktabida tahsil olgan bastakor
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrida atoqli bastakor, O‘zbekiston xalq artisti Muxtor Ashrafiy tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan tantanali kecha bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi, Muxtor Ashrafiy uy-muzeyi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Kechaga madaniyat va san’at namoyondalari, san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohlarining professor-o‘qituvchilari, ijodkor yoshlar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri A.Abduhakimovning ustoz bastakor tavalludining 110 yilligi munosabati bilan tabrigini turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari Nusratilla Zikrillayev o‘qib eshittirdi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda madaniyat va san’atimizni ravnaq toptirishga oid islohotlarda ustoz san’atkorlar merosini keng targ‘ib etish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimiz musiqa merosida atoqli kompozitor Muxtor Ashrafiy yaratgan asarlar g‘oyat katta ahamiyat kasb etadi. Musiqaning turli janrlarida asarlar yaratgan Muxtor Ashrafiy, ayniqsa yurtimiz opera san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Uning “Dilorom”, “Sevgi tumori”, “Bo‘ron”, “Matonat”, “Shoir qalbi” kabi ko‘plab asarlari opera va balet san’ati ixlosmandlariga yaxshi ma’lum.
Joriy yilda Muxtor Ashrafiy tavalludining 110 yilligi hamda poytaxtimizdagi ustoz nomi bilan yuritiluvchi uy-muzey tashkil etilganining 40 yilligi keng nishonlanmoqda. Bu esa kompozitor ijodini takror-takror yodga olmoq uchun yana bir qulay imkoniyatdir.
– Ustoz Muxtor Ashrafiy milliy ham, jahon musiqa merosining bilimdoni ekani bilan ham yodimizda qolgan, – dedi O‘zbekiston Kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullayev. – O‘z paytida u Fitrat tashkil etgan maktabda milliy musiqa merosimizni o‘rgangan edi. Keyinchalik esa oliy o‘quv yurtida jahon musiqasi xazinasidan bahramand bo‘ldi. Uning serqirra ijodkorligi bilan birga, rahbarlik va jamoat arbobi, mehribon ustoz sifatidagi faoliyati juda ibratlidir.
– Muxtor Ashrafiy nainki yaxshi ijodkor, balki yaxshi inson sifatida ham mamlakatimiz ijodkor ziyolilarining, odamlarning qalbidan joy olgan, – dedi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri postanovkachi-rejissyori, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Andrey Slonim. – U doim kulib turuvchi, mehribon inson bo‘lishiga qaramay, adolatsizlik, nohaqlikka duch kelganida g‘oyat murosasiz, qattiqqo‘l bo‘lar edi.
– Kompozitor qachon baxtli bo‘ladi, qachonki, uning ijodi xalqqa yetib borsa, asarlari odamlarning qalbidan o‘rin olsagina, baxtli bo‘ladi, – dedi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada instituti rektori, kompozitor Avaz Mansurov. – Shu ma’noda Muxtor Ashrafiyning asarlari xalqona ruhi, musiqa san’atining chinakam ixlosmandlari qalbidan joy olgani bilan qadrlidir.
Tadbirda Muxtor Ashrafiy ijodidan namunalar yangradi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri