Firibgarlik holatlari fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasining Nukus shahri, Qonliko‘l, To‘rtko‘l tumanlari bo‘limlari tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ishga joylashtirib qo‘yish, haydovchilik guvohnomasini olib berish va qayta tiklash bilan bog‘liq, shuningdek valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolarning firibgarlik holatlari fosh etildi.
Jumladan, Departamentning Nukus shahri bo‘limi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Ixtisoslashtirilgan endokrinologi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali xodimasi P.D. fuqaro N.G.ning ishonchiga kirib, uni tibbiyot muassasalarining biriga ishga joylashtirib qo‘yishi evaziga 15 million so‘mni, Departamentning Qonliko‘l tumani bo‘limi va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro I.Sh. fuqaro A.Q.ning ishonchiga kirib, uning sud qaroriga asosan bekor qilingan haydovchilik guvohnomasini go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali qayta tiklab berish evaziga 1 ming 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek To‘rtko‘l tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar R.K. va U.M. fuqaro M.X.dan 2 ming AQSH dollari va 150 ming rossiya rublini 45,8 million so‘mga sotib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA