Finlandiya elchisi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Finlandiya Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Xelsinki shahrida joylashgan) etib tayinlangan Ilkka Ryaysyanenni qabul qildi. Bu haqda vazirlik rasmiy saytida xabar berilgan.
Mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbari o‘rinbosari ishonch yorlig‘ini qabul qilar ekan, Elchini yuqori va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va unga muvaffaqiyat tiladi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatning joriy holati va aloqani yanada kengaytirish istiqboli muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Finlandiya o‘rtasida iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish, jumladan, o‘zaro savdo missiyasini tashkil etish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada faollashtirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani e’tirof etildi. O‘zbekistonda Finlandiya oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish, ikki tomonlama diplom berish dasturlarini joriy etish yuzasidan fikr almashildi.
Turli darajada bo‘lib o‘tadigan qo‘shma tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.
O‘zA