Filippinlik mutaxassisdan menejment saboqlari
Joriy yilning 1 may kuni Guliston davlat universiteti Raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalar fakultetida “Menejment” yo‘nalishi talabalari uchun xalqaro darajadagi ilmiy-amaliy uchrashuv tashkil etildi.
Unda Filippin Respublikasidan tashrif buyurgan mutaxassis – magistr Faith Ruth E. Villanueva xonim tomonidan “Biznesda menejment: tamoyillar va amaliyot” mavzusida 6 soatlik ma’ruza va seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlar interfaol shaklda, talabalar bilan ochiq muloqot va bahs-munozaralar asosida olib borildi. Ta’lim jarayoni davomida talabalar zamonaviy menejment nazariyasi va amaliyoti bo‘yicha chuqur bilimlarga ega bo‘lishdi, shuningdek, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Xususan, xalqaro tajribalarga oid misollar va haqiqiy hayotdagi biznes vaziyatlar tahlili orqali bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

– Mazkur uchrashuv talabalarning nazariy bilimlarini boyitish, ularda rahbarlik ko‘nikmalari va menejerlik qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qildi,–deydi Raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalar fakulteti dekani Sherali Mahmudov.
Uchrashuv yakunida magistr Faith Ruth E. Villanueva xonim bilan kelgusida ham menejment fanlari bo‘yicha ma’ruza va seminar mashg‘ulotlarini davom ettirish yuzasidan hamkorlik haqida kelishuvga erishildi.

Bu kabi xalqaro tajriba almashinuvi ta’limning sifatini oshirish, talaba-yoshlarni global mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlashda muhim omil hisoblanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri